Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida bir guruh ayollar hududdagi yo‘lni to‘sib, suv yetib kelmayotganligiga e’tiroz bildirayotgan videolar tarqaldi.

Mazkur holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, To‘rtko‘l tumani hokimligi va tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi mas’ullari tomonidan o‘rganilganida quyidagilar ma’lum bo‘ldi.

Haqiqatan ham To‘rtko‘l tumani “Kaltaminor” ovul fuqarolar yig‘inidagi bir guruh ayollar hududga suv yetib kelmayotganligiga e’tiroz bildirishgan. Ushbu hudud “Kaltaminor-1” kanali orqali suv bilan ta’minlanadi. Ammo tuman chegarasiga kirib kelayotgan suv kamligi tufayli kanallarga mavjud suv miqdori jadval asosida navbatma-navbat berilib kelgan va bu yuqorida keltirilgan e’tirozlarga sabab bo‘lgan.

Bugungi kunda Amudaryo daryosida suv oqimining ko‘payishi munosabati bilan mazkur hududni suv bilan ta’minlovchi “Kaltaminor-1” kanaliga sekundiga 5 metr kub suv miqdori o‘rnatildi. Tumandagi barcha suvchilar aholining suv yuzasidan qilgan murojaatini ijobiy hal qilish maqsadida tomorqalarini sug‘orish ishlariga ko‘maklashmoqdalar. Hozirgi vaqtga qadar mazkur hududdagi aholining tomorqa maydonlarining aksariyat qismi sug‘orib bo‘lindi va sug‘orish ishlari tun-u kun davom qilmoqda.

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari To‘rtko‘l tumanida bo‘lib, fermerlarning g‘alla maydonlari va aholining tomorqa maydonlarini sug‘orish ishlarini tizimli tashkil qilishni nazoratga olgan.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri