Joriy yil 14-16-may kunlari Markaziy harbiy okrugining Samarqand viloyatida joylashgan “Sazagan” umumqo‘shin poligonida “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlaridan biri – Qonliko‘l tumanidagi 2-son umumta’lim maktabining “Lochin” jamoasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olib, g‘alabani qo‘lga kiritdi.

2021-yilda ilk marotaba o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining yakuniy bosqichida ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi sharafini himoya qilgan Kegeyli tumanidagi 41-sonli maktab yoshlari yuksak natijalarga erishib, 1-o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi. Mana, oradan roppa-rosa 3-yil o‘tib mudofaa vaziri kubogi yana Qoraqalpog‘iston zaminiga qaytib keldi. Albatta, minglab yoshlarni birlashtirgan mazkur musobaqa har yili yangi-yangi g‘oliblarni kashf etib beradi. Ammo Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlari bu musobaqaning birinchi g‘olibi sifatida zarhal harflar bilan tarixda qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan 2021-yildan mamlakatimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari o‘rtasida yoshlarni harbiy-amaliy sport turlariga keng jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘zaro madaniy-sport aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarni sport o‘yinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sog‘lom turmush tarzini odat qilishga o‘rgatish, ruhan va jismonan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otib, muxlislari soni yildan yilga ortib, ommalashmoqda.

Ikki hafta davomida harbiy qismda yashagan yoshlar tajribali ofitser va serjantlar tarkibidan iborat bo‘lgan yo‘riqchilar nazoratida merganlik mahoratini oshirib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, saf qo‘shiqlarini ijro etish, safda turish va shahdam qadamlar bilan yurish, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, estafeta yugurishidan ko‘nikmalarini mustahkamladi. “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” shartiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Tayyorgarlik jarayonida yoshlarga oson bo‘lmadi. Erta tongdan kechgacha davom etgan mashg‘ulotlar yoshlarni holdan toydirdi, lekin shijoatini, o‘ziga va g‘alabaga bo‘lgan ishonchini so‘ndirmadi. Mana, mashaqqatli mehnat o‘z hosilini berdi va barcha tayyorgarliklar besamar ketmagani o‘z isbotini topdi.

Markaziy harbiy okrugi poligonida o‘tkazilgan musobaqaning final bahslari mamlakatimizning eng sara yoshlaridan iborat 14 jamoani birlashtirdi. Ishtirokchilar ilk harbiy ko‘nikmalarni sinovdan o‘tkazadigan “Harbiylashtirilgan estafeta”, tibbiy bilimlarning amalda namoyishi bo‘lgan “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, merganlik mahoratini namoyish etgan “Mohir mergan”, kuch sinash maydoniga aylangan “Turnikda tortilish”, o‘tmishdan saboq chiqarishga undaydigan “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” shartlarida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishdi.

Ta’kidlash joizki, barchaning ko‘z oldida “Safda qo‘shiq aytish” shartini qoraqalpoq tilida aytgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Lochin” jamoasi hakamlar hay’ati va ishtirokchilarda ham katta taassurot qoldirdi. “Vatan tayanchi yulduzlari” deb nomlangan yangi shartda jamoalarning san’atkorlik mahorati sinovdan o‘tkazildi.

Murosasiz, qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining yakuni bo‘yicha uchinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyati Muborak tumanining “Yosh lochinlar” jamoasi egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa Toshkent shahri Uchtepa tumanining “Temurbeklar” jamoasi loyiq deb topildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanining “Lochin” jamoasi hamda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining “Lochin” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Hakamlar hay’atining umumlashgan qarori bilan bosh sovrin – mudofaa vaziri kubogi qoraqalpog‘istonlik yoshlarga nasib etdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda g‘olib jamoani kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Yuksak ishonchni oqlab, uyga yorug‘ yuz bilan qaytgan yoshlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi vakillari hamda o‘quvchilarning ota-onalari va yaqinlari ko‘tarinki kayfiyatda kutib oldi.

Shundan so‘ng mudofaa vaziri kubogi Qonliko‘l tumaniga yo‘l oldi. “Lochin” jamoasi a’zolari tahsil olayotgan 2-sonli umumta’lim maktabida shu kuni katta bayram bo‘ldi. O‘quvchilarni g‘alaba bilan tabriklash hamda sovg‘a-salomlarni ulashish maqsadida ta’lim muassasasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev tashrif buyurdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘z nutqida Prezidentimiz tomonidan o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga juda katta imkoniyatlar berilayotganini, ularning o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish etishga xizmat qilayotgan mana shunday bahslar tashkil etilayotganini e’tirof etdi. G‘olib jamoa a’zolariga mana shunday olis tumanlardan borib, katta yutuqlarga erishgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va butun qoraqalpog‘istonliklarning sha’nini munosib himoya qilib kelgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Bu g‘alaba butun Qoraqalpog‘iston ahlining yutug‘i ekani ta’kidlandi.

G‘alaba nashidasini surayotgan yoshlar, ularni bu yutuq sari tarbiyalagan, tayyorlagan va amaliy yordam berganlar sharafiga iliq so‘zlar aytildi hamda hokimlikning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestri jamoasi tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi o‘zbek va qoraqalpoq milliy kuy va qo‘shiqlari barchaning bayramona kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Albatta, mana shunday olis tumanlarning birida katta bayram bo‘lishiga sabab bo‘lgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi katta hayot bo‘sag‘asida turgan ertangi kun egalari uchun haqiqiy hayot maktabi, shon-sharaf yo‘li bo‘lib xizmat qilishda davom etadi.

Timur Narziyev,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug

matbuot xizmati boshlig‘i podpolkovnik.

Suratlarni Maqsad Habibullayev olgan. O‘zA