Bo‘zatov tumani markaziy stadionida madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-24-fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlariga muvofiq har yili “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST tanlovini o‘tkazishga qaror qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, iqtidorlarini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024 yilgi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish haqida”gi bayonnomasining 8-bandiga muvofiq “Yoshlar ovozi” tanlovini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Prezidentimiz rahbarligida 2019-yil 19-martda Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi va sohalarga taalluqli 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi. Mazkur besh muhim tashabbus olimpiadasi doirasida “Yoshlar ovozi” tanlovi har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Tanlov 3 ta yosh toifasida 4 ta yo‘nalish bo‘yicha san’atsevar yoshlarni o‘z atrofida jamlamoqda.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Yoshlar ovozi” tanlovi 5 ta bosqichda (mahalla-sektor-tuman-hududiy-respublika) hamda respublika final bosqichi televizion formatda tashkil etilmoqda. O‘z iqtidorlarini namoyish etish maqsadidagi 238 mingdan ortiq yosh “YoshlarOvozi_bot” orqali elektron ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 16 ming yosh tanlov tashkil etiladigan joydan ro‘yxatdan o‘tdi.

Tanlovning mahalla bosqichi 1-5-aprel kunlari respublikaning barcha mahallalarida tashkil etildi. Ushbu bosqichda jami ro‘yxatdan o‘tgan 238 ming 403 nafar yosh ishtirok etdi. Mahalla bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 57 ming 766 nafar yosh 6-10-aprel kunlari tanlovning sektor bosqichida qatnashdi. 11-16-aprel kunlari tanlovning shahar va tuman bosqichlariga yo‘l olgan 2 ming 496 nafar yoshdan 1 ming 725 nafar yosh hududiy bosqichga yo‘llanma oldi.Tanlovning respublika final bosqichiga 158 nafar yosh yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tanlovni o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, milliy g‘urur va iftixor, bag‘rikenglik, bunyodkorlik, mehr-oqibat g‘oyalari ruhida tarbiyalash, baxshichilik, an’anaviy ijro, opera, estrada yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berishdan iboratdir.

Joriy yilning 11-15-may kunlari tanlovga o‘zgacha shukuh bag‘ishlovchi maxsus pavilonda “Baxshichilik”, “Opera”, “An’anaviy ijro” va “Estrada” yo‘nalishlari bo‘yicha tanlov ishtirokchilari iqtidorlarini namoyon etdi. 16-may kuni festival ishtirokchilari Bo‘zatov tumaniga tashrif buyurdi.

Tumanda tashkil etilgan milliy taomlar va qadriyatlarimizni namoyon etuvchi ko‘rgazmalar barcha mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, festival doirasida “Yosh baxshilar” tanlovi, “Zakovat” turniri va sportning voleybol turidan musobaqalar o‘tkazildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar va mehmonlar uchun Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi va Xo‘jayli tumanidagi Gaurqal’a yodgorligi, Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”ga sayohat, mahallalarda madaniy dasturlar tashkil etildi.

Bo‘zatov tumani markaziy stadionida o‘tkazilgan g‘oliblarni taqdirlash va festivalning yopilish marosimida “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika final bosqichida har bir yo‘nalishning har bir yosh toifasi bo‘yicha faxrli 1-o‘rin g‘oliblari 50 000 000 (ellik million so‘m), 2-o‘rin g‘oliblari 30 000 000 (o‘ttiz million so‘m), 3-o‘rin g‘oliblari 20 000 000 (yigirma million so‘m) va shuningdek, final bosqichda ishtirok etgan ishtirokchilar 10 000 000 (o‘n million so‘m)dan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Festival yakuniy gala konserti va g‘oliblarni taqdirlash marosimida o‘zbek va qoraqalpoq estrada yulduzlarining chiqishlari, ayniqsa, tantana so‘ngidagi mushakbozlik barchaga quvonch va kayfiyat ulashdi.

Taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri