Ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida Ozarbayjon Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Zokir Gasanov boshchiligidagi harbiy delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Rasmiy tashrifning asosiy kunida mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamrohligida Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasini ziyorat qildi.

Shundan so‘ng delegatsiya vakillari “Buxoro” poligoniga yo‘l oldi. Poligonda general-polkovnik Zokir Gasanov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Faxriy qorovul saf tortdi, harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri hamkorlikda erishilayotgan yutuqlarga to‘xtalar ekan, o‘zaro munosabatlar yangi strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilganini qayd etdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlik har ikki davlat armiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, harbiy, harbiy-texnikaviy, harbiy ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

Muloqot davomida ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada erishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham fikr almashdilar. Hamkorlikni davom ettirish borasida istiqbolli takliflar bildirildi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘rtasida 2024 yilga mo‘ljallangan harbiy hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ozarbayjon harbiy delegatsiyasining yurtimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

O‘zA