Bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan global isish, iqlim o‘zgarishlari, yildan-yilga kuchayayotgan qurg‘oqchilikning ta’siri nafaqat ichimlik suvi, balki dehqonchilik bilan bog‘liq muammolarda ham ko‘zga tashlanyapti.

So‘nggi 15 yil davomida mamlakatimiz aholisi sonining yuqori sur’atlar bilan o‘sib borishi, qishloq xo‘jaligi yerlarining boshqa toifaga o‘tkazilishi va global iqlim o‘zgarishi ta’sirining keskinlashuvi oqibatida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘oriladigan yer maydonlari o‘lchami 24 foizga, o‘rtacha yillik suv ta’minoti darajasi esa 3 ming 48 metr kubdan 158,9 metr kubgacha qisqardi. Ya’ni, ilgari suv borgan ayrim yer maydonlariga suv borishi to‘xtadi yoki kamaydi, yetkazilayotgan suv hajmi qisqardi.

Xo‘sh, davlatimiz tomonidan bu muammolarga barham ber uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2008-2017 yillar mobaynida 1,7 million gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarning suv ta’minoti hamda 2,5 million gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning umumiy maydoni 20 236,3 ming gektar. Shundan haydaladigan yerlar 3 988,5 ming gektarni, ko‘p yillik daraxtzorlar 383,1 ming gektarni, bo‘z yerlar 76 ming gektarni, pichanzor va yaylovlar 11 028,3 ming gektarni, boshqa yerlar 4 760,4 ming gektarni tashkil etadi. Bundan 3,2 million gektari sug‘oriladigan ekin yer maydonlari bo‘lib, unda aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.

Biroq global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi yillarda davriy ravishda kuzatilayotgan suv tanqisligi va ichki irrigatsiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelgani sug‘oriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashishiga va yillar davomida foydalanishdan chiqib ketishiga olib kelgan.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ekin maydonlari bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va hal etishga qaratilgan. Unda respublikada yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish, shuningdek, bu ishlarda salohiyatli investorlar ishtirokini ta’minlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Farmonga muvofiq, sug‘oriladigan va lalmi yerlar, tog‘ va tog‘oldi hamda cho‘l-yaylov hududlarining tuproq unumdorligini oshirish, suv va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish belgilangan. Chunki yerdan foydalangan sari unumdorligi va sifati tushadi, shu bois unga ishlov berish, yerni o‘rganish, zarur kimyoviy vositalar bilan to‘yintirish juda muhim.

Zamonaviy usullar asosida mamlakat oziq-ovqat ta’minoti barqarorligiga erishish uchun yangi serhosil qishloq xo‘jaligi ekinlari, ularning birlamchi urug‘chiligini yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va hayotga tatbiq etilishini ta’minlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, ekin maydonlarini tomchilatib sug‘orish kelgusi avlod vakillari uchun suv resurslari yetib borishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Suv resurslari va ulardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, avvalo qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, tabiiy tizimlarda ekologik muvozanat va bioxilma-xillikni saqlashga yordam beradi.

Qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlar to‘g‘ri ishlatilmasa, suv resurslarini ifloslantirishi mumkin. Atrof-muhit omillarini hisobga olish va suv resurslarini hurmat qilish suvning kimyoviy birikmalar bilan ifloslanish xavfini kamaytirishga, sanoat va maishiy maqsadlarda foydalanish uchun zarur bo‘lgan suv sifatini oshirishga yordam beradi.

Agrosanoat tizimida suv resurslarini saqlash, ekologik omillarni hisobga olish fermerlar va qishloq xo‘jaligi korxonalarining jamiyat oldidagi mas’uliyati va burchidir. Bu oziq-ovqat xavfsizligini va uzoq muddatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni ta’minlaydi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA