Toshkent Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi poytaxt shaharlar ichida aholi zichligi bo‘yicha 3-o‘rinda turadi. Bugungi kunda poytaxtimizda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 millionni tashkil qiladi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yana ko‘payishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda poytaxtimizda yiliga 20 mingdan ziyod kvartirali ko‘p qavatli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor. Shularni inobatga olib, davlatimiz rahbari “Yangi Toshkent” loyihasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan edi. Buyuk Britaniya, Singapur, Xitoy va turkiyalik mutaxassislar bilan Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan.

Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etiladi. 500 ming aholiga mo‘ljallangan. Bundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik ishlari rejalashtirilgan.

Barchaga ma’lum, so‘nggi yillarda global isish kuzatilmoqda. Shu bois yashillik juda muhim. Bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar mavjud. Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy loyihasidan kelib chiqib, Bosh reja loyihasida bunga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, katta halqa yo‘li atrofida “yashil kamar” yaratish, shahardan o‘tgan kanallar bo‘yida tematik bog‘lar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Umuman, poytaxtimizda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan.

Dunyo arxitekturasi yutuqlari asosida yangi markaz qurilishiga kirishilmoqda. Zamonaviy va innovatsion yechimlarga mo‘ljallangan xalqchil loyiha. Kelajakning ideal shahri Yangi Toshkentda har bir qadamda texnologiyalar kutib olishi aytilmoqda. Ular yangi ekotizim hosil qilib, inson hayotining barcha jihatlari uchun javob beradi.

– Aqlli shahar tushunchasi zamonaviy texnologiyalarga tayangan, — deydi “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi Shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Saidazim Sharipov. – Shaharda insonlarning faoliyati jarayonidagi har qanday ma’lumotlarni yig‘ish, ularni tahlil qilish belgilangan. Tahlil qilish natijasida olingan ma’lumotlar asosida shahar to‘g‘ri yo‘nalishda boshqariladi. Bunda insonlarning avtomobildagi harakati, jamoat transportidan foydalanish darajasi, havoning ifloslanish darajasi, aqlli svetofor tushunchalari mavjud. Ya’ni, bunda ko‘chada harakatlanayotgan avtomobillarning ko‘p yoki zichligiga qarab, svetoforlar moslashib boradi. Yangi Toshkent shahrini barpo etish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 720,9 gektar yer maydoni tanlab olingan.

Dastlabki bosqichda 2 ming 420 gektar yer maydonida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunda Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasini tezkor va sifatli ishlab chiqish maqsadida “Meinhardt Pte. Ltd” (Singapur), “Foster and partners” (Buyuk Britaniya) va “OMA” (Gollandiya) kompaniyalari jalb etilgan. Eng muhimi, Yangi Toshkentda poytaxtimizni Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari bilan bog‘laydigan tramvay va metroning yagona tarmog‘i qurilishi rejalashtirilmoqda.

Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, «Park and ride» tamoyili asosida shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bog‘lanadi.

Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etiladi. Yurtdoshlarimiz o‘z mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi bo‘lgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Eng muhimi, binolarga ijtimoiy talablar belgilanadi.

Shahnoza Mamaturopova,

Nishon Abduvoitov (video),

O‘zA