Olmaotada 13-Markaziy Osiyo savdo forumi bo‘lib o‘tdi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Savdo integratsiyasi: global darajaga chiqish” mavzusida 13-Markaziy Osiyo savdo forumi (CATF) bo‘lib o‘tdi. Tadbir AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan qo‘shni davlat Savdo va integratsiya vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati GIZ) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad savdo tartib-qoidasini raqamlashtirish, transport-logistika jarayonini optimallashtirish, bojxona rasmiylashtiruvini standartlashtirish va savdoni JST standartiga muvofiqlashtirish orqali tartibga solish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va aloqani mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Buyuk Britaniya va AQSHdan 300 dan ziyod biznes va davlat idoralari vakillari qatanshdi.
Forum doirasida mintaqamiz davlatlarining 40 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida savdo ko‘rgazmasi va biznes tuzilmalari rahbarlari va rasmiy vakillarini to‘plagan Savdoga ko‘maklashish milliy qo‘mitalari 11-mintaqaviy yig‘ilishi ham o‘tkazildi.
USAID vakili Zayna Salohiy so‘nggi 10 yil ichida CATF tadbirlari 25 mamlakatdan 10 mingdan ko‘p davlat va tijorat tuzilmalari vakillarini jalb qilganiga urg‘u berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu forum Markaziy Osiyoda savdo kelajagini shakllantirish, butun jamiyat uchun foydali inklyuziv, integratsiyalashgan iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga yordam beradi.
So‘zga chiqqan ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan ilk kunlaridanoq Markaziy Osiyo mintaqasini birlashtirish yo‘lida faol ish olib borayotgan davlatimiz rahbarining rolini yuqori baholadilar.
Tahlilchilar davlatlararo munosabatning yangi paradigmasini belgilab bergan, mintaqa jipsligini mustahkamlash uchun zamin yaratgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari ushbu jarayonda beqiyos o‘rin tutganini ham alohida ta’kidladilar.
O‘z navbatida, Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori “Yangi bozorlarga kirish” mavzusidagi ilk sessiyada forum ishtirokchilariga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad, Maslahat uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xususida batafsil ma’lumot berdi. Bunday say’-harakatlar birinchi navbatda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida savdo va sarmoyaviy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga qaratilgani qayd etildi.
Markaziy Osiyoning barcha davlatlari sa’y-harakati natijasida so‘nggi 6-7 yilda mintaqa mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti 70 foiz o‘sib, 450 milliard dollardan oshdi. Mintaqalararo tovar ayirboshlash miqdori so‘nggi 10 yil ichida 2,5 barobar ko‘payib, 11 milliard dollarga, umumiy tashqi savdo qiymati 225 milliard dollarga yetdi. Bu 7 yil avvalgi ko‘rsatgichdan qariyb ikki barobar ko‘p.
O‘sishning ijobiy sur’atiga qaramay, MOXI rahbari mintaqa mamlakatlari o‘rtasida transport zanjiri mukammal emasligiga e’tibor qaratdi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, tashqi bozorga yuk chiqarish xarajati tovarning yakuniy qiymati 50 foiziga yetishi mintaqa iqtisodiyoti rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan transport tizimidagi to‘siqlar mintaqaga global qiymat zanjiri bilan faol birlashish imkonini bermaydi.
Mutaxassislar mintaqa mamlakatlari o‘rtasida savdo aylanmasini yanada jadallashtirish uchun mintaqani birlashtiruvchi “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘li, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasini Yevropa bilan bog‘laydigan “O‘rta yo‘lak” kabi muhim loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatni birlashtirish muhimligini qayd etdilar.
Ushbu tashabbuslar amaliyotga tatbiq etilishi Markaziy Osiyoni Yevrosiyodagi asosiy tranzit xabiga aylantiradi. Xususan, O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan boshlangan Transafg‘on temir yo‘li qurilishi yukni Pokistonga yetkazish muddatini taxminan 5 kun qisqartirishi, transport xarajatini kamida 40 foiz kamaytirishi mumkin.
Umuman, mazkur tadbir savdo forumi dolzarbligini, barcha ishtirokchilar Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo-investitsiya hamkorligini yanada rivojlantirish yo‘lida bilim, tajriba va g‘oya almashishni davom ettirishdan manfaatdorligini yana bir bor tasdiqladi.
G‘.Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA