Ma’lumki, biz nafas olayotgan havoning ifloslanishiga qurilishlar, avtomobillardan chiqadigan zaharli gazlar bilan bir qatorda, eng avvalo daraxtlarning kamayib ketgani ham asosiy sababdir.

Daraxtzorlar, yangi o‘rmonlarni barpo etish havo sifatini yaxshilash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hayotiy ahamiyatga ega. Science jurnalining yozishicha, daraxtzorlar har yili 2,4 milliard tonna CO2ni yutib, bizga kislorod chiqarib beradi. O‘rmonlar va daraxtzorlarning foydasi juda katta. Jumladan, havo tozaligiga ta’siri, suv oqimlarini tartibga solish, ekotizimlarni saqlashda. Sababi, bitta o‘rmonzor ichida millionlab jonzotlar hayot kechiradi hamda iqlimning salbiy o‘zgarishlari oldi olinadi.

Mamlakatimizda ham o‘rmon fondini muhofaza qilish, ko‘paytirish, undan oqilona foydalanish, uning moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish, sohaga bozor mexanizmlarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Iqlim ta’siri tobora kuchayib borar ekan, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan o‘rmonlar maydonini kengaytirish, qayta tiklash, o‘rmonlarni muhofaza qilish, qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirishning ahamiyati ham ortib bormoqda.

Xususan, o‘rmon fondi yerlarida 46 ming 586 gektar maydonda kasallik va zararkunandalarni aniqlash ishlari olib borilib, jami 21 ming 66 gektar, shundan 19 ming 315 gektar maydonda biologik usulda qarshi kurashish tadbirlari olib borildi.

Jami 356 km yong‘inga qarshi oraliq joylar, 659 km yo‘llar, 6426 km himoya chiziqlari hamda 16 ming 508 m3 suv havzalari yangidan qurilib, 2 ming 367 km oraliq joylar, 3358 km yo‘llar, 2592 km yong‘inga qarshi himoya chiziqlari, 339 km zovurlar hamda 14 ming 471 m3 suv havzalari ta’mirlandi.

O‘rmon yong‘iniga qarshi 2 ming 800 dan ziyod tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilib, o‘rmon yong‘inlarini sodir etmaslik bo‘yicha yangi 1500 ga yaqin ogohlantiruvchi bannerlar joylashtirildi.

Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 200 ming gektar, shundan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 128 ming, Buxoro viloyatida 40 ming, Navoiy viloyatida 17 ming, Xorazm viloyatida 10 ming va o‘rmon fondining boshqa hududlarida 5 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarni barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarildi.

Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etildi. O‘rmon barpo qilish, ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari uchun 980 tonna daraxt va buta urug‘lari jamg‘arildi.

Tuproq-iqlim sharoitiga mos manzarali, mevali daraxt va butalar turlaridan 650 gektar maydonda niholxona, ko‘chatxonalar tashkil etildi.

O‘rmon xo‘jaliklarida 70 turdagi iqlim sharoitiga mos daraxt va butalarning ko‘chatlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada jami 101 million dona, shundan, 32 million dona tut, 16 million dona terak va pavlovniya, 53 million dona boshqa turdagi manzarali, mevali daraxt hamda butalarning nihol va ko‘chatlari yetishtirildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar”ni barpo etish belgilangan. Bugungi kunga qadar mahalliy kengashlarning jami 134 ta “yashil bog‘lar” barpo etish uchun yer ajratish bo‘yicha tegishli qarorlari qabul qilingan.

Hududlarda barpo etiladigan “yashil bog‘lar”ni belgilangan talablar asosida tashkil etish maqsadida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha “Yashil loyiha” loyihalash instituti bilan shartnomalar tuzildi.

Hozirda “Yashil loyiha” loyihalash instituti tomonidan Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyati tuman va shaharlarida “yashil bog‘lar” barpo etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazildi.

Ammo bir salbiy jihat borki, bu yo‘nalishda qilinayotgan barcha ishlarni yo‘qqa chiqaradi. U ham bo‘lsa – shaharlardagi daraxtlarni kesish. Daraxtzorlarni asramasak, xohlagan odam ularni ba’zan ochiqdan-ochiq, ba’zan yashirin tarzda kesib ketaversa, bir milliard dona ko‘chat ekkanning ham foydasi bo‘lmaydi.

Yana bir masala – ekilayotgan daraxtlarning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratish. “Yashil makon” va boshqa shu kabi loyihalar doirasida ekilgan daraxtlar, shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan barpo etilayotgan o‘rmonzorlarni o‘stirish uchun sug‘orish tizimlarini tashkil etish, drenajlash, eroziyaga qarshi kurashishga qaratilgan tizimli meliorativ ishlarni olib borish kutilgan natijani beradi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA