11-13-oktyabr kunlari Samarqandda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (SISA) Yoshlar kengashining oltinchi yigʻilishi va uning doirasida bir qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Birlashgan Millatlar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bugun “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida mazkur tadbirlarning ochilish marosimi va dastlabki yalpi yig‘ilish o‘tkazildi.

Mazkur kengashga a’zo va kuzatuvchi 20 dan ortiq davlatdan yoshlar siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va jamoat tashkilotlari, o‘quv yurtlari vakillari, xalqaro ekspertlar bevosita, shuningdek, o‘nga yaqin mamlakat yoshlar siyosati mutasaddilari yig‘ilishda onlayn ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash bosh kotibi Kayrat Saribay yoshlar kengashining Samarqanddagi oltinchi yig‘ilishi hamda uning doirasidagi yosh liderlar forumi va ilk bor tashkil etilayotgan “Alodlar muloqoti” tadbirlari 2022 yil 13 oktyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan tashabbus asosida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, ular bu galgi forum zamonamizning dolzarb muammolarini yoshlar manfaatlari nuqtai nazaridan o‘rganish, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va mehnatni muhofaza qilish, atrof-muhit musaffoligi va inson salomatligini saqlash, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni asrashga qaratilganini qayd etib, ishtirokchilarni bu tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

O‘zbekiston yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov hamda vazir o‘rinbosari – Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev o‘z so‘zida mamlakatimizning yoshlarga oid davlat siyosati va bu boradagi qonunchilikning takomillashtirilayotgani, yigit-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

Shundan so‘ng kengash a’zolari va xalqaro ekspertlar bugungi kunda dunyo miqiyosida yoshlarga oid qonunchilik, ularning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritib, o‘zaro fikr almashdilar.

– Avvalo, O‘zbekistonda mazkur tadbirga juda katta tayyorgarlik ko‘rilganini ta’kidlamoqchiman va mehmondo‘stlik uchun o‘zbekistonlik do‘stlarimizga rahmat, – deydi Rossiya Federatsiyasi hukumati qoshidagi Moliya universiteti dekani o‘rinbosari Darya Osinina. – Bunday tadbirlar bugun yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada oshirish, ularni qiynayotgan muammolarni birgalikda hal etish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Bugun kengashning yig‘ilishida ko‘plab davlatlar vakillari bilan fikrlashib, o‘zaro tajriba almashdik. Ko‘p yo‘nalishlarda bir-birimizdan o‘rganadigan tomonlar bor ekan. Ertaga tadbirlar doirasida O‘zbekiston va Rossiya yoshlar forumi o‘tkaziladi. Bu tadbirda ham o‘z tashabbus va takliflarimizni ilgari surmoqchimiz. Fursatdan foydalanib, tadbir qatnashchilarini 2024 yil fevral oyida Rossiyada o‘tkaziladigan butunjahon yoshlar forumiga taklif etdik.

Kunning ikkinchi yarmida forum ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida tashkil etilgan ilk “Avlodlar muloqoti”da ishtirok etdi. Unda o‘zbekistonlik taniqli insonlar, ziyolilar va siyosatchilar o‘z hayotiy tajribalari haqida yoshlarga so‘zlab berdi, ular bilan samimiy muloqot qildi.

Yoshlar kengashining yig‘ilishi doirasida ertaga yosh liderlar forumi, O‘zbekiston va Qozog‘iston yoshlar kongressi, O‘zbekiston va Rossiya, O‘zbekiston va Ozarbayjon yoshlar forumlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari