“Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘limining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Obod mahallam” nomli grant loyihasi doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Mustaqil yurtimning obod mahallasi” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.

“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tanlov ishtirokchilari o‘zlarining ekologiyaga oid bilimlarini namoyon qildilar. Loyihaning asosiy maqsadi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yish, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga hissa qo‘shish, aholining ekologiyaga oid bilimlarini kengaytirish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishdan iboratdir.

Insholar tanlovining yakunida tumandagi 71-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Hulkaroy Abdurahmonova “Mavzuga oid ravon fikrlari uchun” birinchi o‘ringa, 45-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Latofat Haydarova “Eng yaxshi ezgulik targ‘ibotchiligi uchun” ikkinchi o‘ringa, 48-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Hulkaroy Yusupova “Shaxsiy fikrini ravon bayon qilgani uchun” uchinchi o‘ringa munosib deb topildi. Shuningdek, 86-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Surayyo Jumamurodova, 50-sonli umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Shahzoda Tojiboyeva “Faol ishtiroki uchun” nominatsiyalari bilan taqdirlandi.

Tanlov tashkilotchilari tomonidan g‘oliblar va faol ishtirokchilarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri