Ma’lumki, Oliy Majlis palatalarining faoliyatini tartibga soluvchi bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ayni paytda ushbu qonun loyihasi yuzasidan 200 dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushgan. Mazkur qonun loyihasining mazmuni va ahamiyatini keng targ‘ib qilish muhim hisoblanadi.

Ushbu qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan yangiliklar xususida Qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiyev bilan suhbatlashdik.

— Ushbu qonun loyihasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining qoidalarini Konstitutsiyamizga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi 17 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan 13 ta qonunga va 1 ta Kodeksga (Saylov kodeksi) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Senatning vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, qonunni u Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqish Senat vakolatiga o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tugatilmoqda.

Qonun loyihasi bilan Senatning bir qator vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda. Xususan, davlat byudjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish, Prezidentning taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda.

Fuqarolarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida qonun loyihasida 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, shuningdek, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasiga qonunchilik tashabbusi huquqi berilmoqda, — deydi deputat.

Materialning to‘liq shakli bilan quyidagi videohavolada tanishish mumkin.

Muhtarama Komilova, O‘zA