Huquqiy munosabat

Mamlakatimizda 2023 yil 15 oktyabrdan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilmoqda. Mazkur markazlarga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ko‘mak berish uchun bir qancha vakolatlar berildi.

Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev batafsil ma’lumot berdi.

– 2023 yil 2 oktyabrda ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi olti oy muddatgacha vaqtincha uy-joyga joylashtirilishi tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, 2023 yil 15 oktyabrdan boshlab dastlab 28 ta tuman (shahar)larda eksperiment tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar guruhlari ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 15 oktyabrdan boshlab talabgorlarni o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs deb e’tirof etish yoki bekor qilish, shuningdek, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish (undan chiqarish) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining qaroriga asosan amalga oshiriladi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari direktorlariga muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini Agentlik huzuridagi uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga olti oy muddatgacha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga ushbu qaror asosida bir qancha vakolatlar berildi. Jumladan, agentlik hamda uning hududiy bo‘linmalari tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Endilikda ijtimoiy xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari o‘rnatilgan tartibda agentlik tomonidan tasdiqlanadi. Ijtimoiy xodimlar faoliyatining samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha to‘lanadigan mukofotlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda ijtimoiy xodimlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq davlat xaridlari, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.

Agentlik zimmasiga 2024 yil 1 yanvarga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda “mahalla yettiligi” tomonidan yagona savolnoma asosida mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi muammolarini aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash majburiyati yuklatilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA