Xabaringiz bor, Rossiya Premer-ligasi hozirda qizg‘in pallaga kirdi va liga tashkilotchilari mavsum qahramonlarini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Rossiya Premer-ligasi «Yil o‘yinchisi» nominatsiyasi bo‘yicha final bosqichiga chiqqan o‘n nafar eng kuchli futbolchi ro‘yxatini e’lon qildi. Biz uchun ahamiyatlisi, «SSKA» klubida o‘ynayotgan legionerimiz Abbosbek Fayzullayev ushbu nufuzli sovringa asosiy da’vogarlar ro‘yxatidan joy oldi.
Shuningdek, futbolchimiz yana bir nominatsiya – «Mavsum kashfiyoti» yo‘nalishi bo‘yicha ham g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan biriga aylandi. Hamyurtimiz «Dinamo» vakili Bitello va «Krilya Sovetov» o‘yinchisi Nikita Saltikov bilan yakuniy bosqichga chiqdi va mana shu uch futbolchidan biri mavsum kashfiyoti sifatida e’tirof etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev tanlovning birinchi bosqichida muxlislar bergan ovozlarga ko‘ra, eng ko‘p ko‘rsatkich bilan birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Endi esa ushbu kuchli uchlikdagi futbolchilardan biri murabbiylar, jamoa sardorlari, sharhlovchilar va mamlakat futbol faxriylaridan iborat maxsus hay’at tomonidan aniqlanadi. G‘oliblar 26-may kuni taqdirlanadi.
***
OFK Ijroiya qo‘mitasining Tailand poytaxti Bangkokda bo‘lib o‘tgan uchinchi yig‘ilishida OFK Ayollar futbol qo‘mitasi 2026 va 2029-yillarda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi mezbonlarini tasdiqladi. Unga ko‘ra, 2026 yilgi turnir Avstraliyaga topshirilgan bo‘lsa, 2029 yilgi qit’a musobaqasi O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Mazkur marosimda O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham ishtirok etdi.
***
Italiya kubogi finalida «Yuventus» va «Atalanta» o‘rtasida o‘yin o‘tkazildi. Mazkur bahsda Turin shahri jamoasi 0:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi yagona gol 4-daqiqada Vlaxovich tomonidan kiritildi. Shu tariqa. «Yuventus» 15 karra Italiya kubogi sohibiga aylandi.
***
Angliya Premer ligasi videotakrorlardan voz kechishi mumkin. Bu borada «Vulverxempton» klubi APL rahbariyatiga VARni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritgan. 6-iyun kuni klub vakillari umumiy yig‘ilishda ushbu masala bo‘yicha ovoz beradi. «Vulverxempton» bu so‘rovni jo‘natishdan oldin chuqur tahlil o‘tkazganini, APL hamda Hakamlar qo‘mitasini hurmat qilishini ma’lum qilgan.
«Vulverxempton» bu taklifni kiritishiga VAR APLda 5-yildan beri foydalanib kelinayotgani va ushbu tizimning arzimagan foydasiga katta haq to‘lanayotgani asosiy sabab bo‘lgan. Shuningdek, taklif so‘ngida futbolning asl jozibasi tushib borayotgani ta’kidlangan.
APL rahbariyatining o‘zi VARning bekor qilinishiga qarshi, liganing ma’lum qilishicha, bu o‘yinlardagi xatolarning ortishiga va APLning imijiga yomon ta’sir ko‘rsatishi haqida fikr bildirmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA