Xarkov meri Igor Terexov bayonot berishicha, ayni payt shahar aholisini ko‘chirish haqida gap yo‘q. Aksincha, ko‘pchilik faol jangovar harakat kechayotgan joylardan shaharga kirib kelmoqda.

Avvalroq viloyat hukumati mintaqaning qator aholi manzillaridan odamlar ko‘chirilishini e’lon qilgandi. Hudud harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov chorshanba kuni bir necha tumandan qariyb 8 ming kishi ko‘chirilgani haqida bayonot berdi. Bu xabarni “RIA Novosti” tarqatgan.

***

Livanning “Hizbulloh” harakati Isroil bazalari va kazarmalariga qarata 100 dan ziyod raketa uchirdi, dedi Livan harbiy-dala manbalari “RIA Novosti”ga.

– Meron bazasiga raketadan kuchli hujum uyushtirildi, – deydi manba. –  Ma’lumotga ko‘ra, kamida 100 dan ziyod raketa uchirilgan. Shuningdek, Isroil kazarmalari og‘ir raketadan o‘qqa tutildi.

***

Shveysariya hukumati qurol eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish uchun maslahatlashuvni boshladi, deyilgan mamlakat Federal kengashi axborotida.

– Federal kengash hamon Shveysariyaning xalqaro majburiyatiga, jumladan betaraflik to‘g‘risidagi qonunga amal qilish uchun mas’ul, – deyilgan xabarda.

***

Indoneziyada suv toshqini va sovuq lava oqimi natijasida 67 kishi halok bo‘lgan, 20 nafar inson nom-nishonsiz, deya xabar tarqatdi mamlakatning “Kompas TV” telekanali Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha milliy agentlik ma’lumotiga tayanib.

Avvalgi ma’lumotda qurbonlar 58 kishi ekani aytilgandi.

***

NATOning sobiq Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen “inews” nashriga intervyu berib, Ukrainaga yordam berish uchun havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini Alyans mamlakatlari – Polsha va Ruminiya hududidan harakatga keltirishni taklif qildi.

Uning fikricha, NATO mamlakatlari Ukrainaning g‘arbiy qismini va mamlakat mudofaa sanoatini yanada samarali himoya qila oladi.

***

NATO mamlakatlari mudofaa vazirlari 13-14 iyun kunlari Bryusselda kengash o‘tkazadi, deb xabar tarqatdi Alyans matbuot xizmati.

Uchrashuvga tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg raislik qilishi aytilgan. Xabarda 13 iyun kuni NATO – Ukraina kengashining vazirlar darajasidagi majlisi bo‘lib o‘tishi ma’lum qilingan.

***

Agar Gruziyada inoagentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilsa, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirish uchun bergan arizasi muzlatilishi mumkin, deb yozdi “Financial Times” gazetasi Yevropa rasmiylariga tayanib.

***

Qo‘shma Shtatlar va Ukraina xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnomani bir necha hafta ichida imzolaydi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan Kiyevda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

***

Harbiylar to‘ntarish amalga oshirib, qamoqda saqlayotgan Gabonning sobiq Prezidenti Ali bin Bongo Ondimba ochlik e’lon qildi, deb xabar tarqatdi “RFI” radiosi davlatning sobiq rahbari advokatlariga tayanib.

Himoyachilar sobiq Prezident va ikki o‘g‘il e’lon qilgan ochlik  ularning tashqi dunyodan uzib qo‘yilgani, qiynash holatiga qarshi noroziligi belgisi ekanini ta’kidlamoqda.

2023 yil avgustda amalga oshirilgan to‘ntarishdan so‘ng Ali bin Bongo Ondimba uy qamog‘iga olingan. O‘tgan yil sentyabr oyida harbiy hukumat erkin harakat qilish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish istagi bo‘lsa, sobiq yetakchi mamlakatdan chiqib ketishi mumkinligini e’lon qilgandi.

***

RF Prezidenti Vladimir Putinning Xitoyga tashrifini inobatga olib, Yaponiya hukumati Moskva va Pekin harakatini diqqat bilan kuzatib turibdi, deya bayonot berdi Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Yosimasa Xayasi.

– Bizga Putinning Xitoyga tashrif rejalashtirayotgani  ma’lum, – dedi u. –  Mazkur tashrif mazmuniga taalluqli biror izoh berishni ma’qul ko‘rmaymiz. Ikki mamlakat so‘nggi yillarda yaqin munosabatni kuchaytirmoqda. Ushbu tendensiyani e’tiborga olgan holda, Yaponiya Xitoy – Rossiya munosabatining kelgusi rivojini kuzatishda davom etadi.

S.Rahimov, O‘zA