Tibbiyotning shunday yo‘nalishlari borki, u nafaqat inson salomatligi, balki go‘zalligiga ham xizmat qiladi. Dermatovenerologiya va kosmetologiya aynan shunday yo‘nalishdir.
Yurtimizda bu sohaga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiy markaz mavjud bo‘lib, markaz xodimlari tomonidan keyingi yillarda bir qator yutuqlarga erishilmoqda.
Poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya, venerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan o‘tkazilgan konferensiya ham o‘zbek tibbiyoti va ilm-fani uchun manfaatli bo‘ldi.
«Chegara bilmas kosmetologiya» mavzusidagi ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjumanga yurtimizdagi mutaxassislar bilan birgalikda Yevropa davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘istonning dermatokosmetologiya yo‘nalishidagi yetakchi ekspertlar taklif etildi.
Anjuman soha vakillari uchun tajriba almashish maydoniga aylandi. Asosiy e’tibor mahalliy mutaxassislarning dermatokosmetologiyada samarali faoliyat olib borish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Yetuk soha vakillarining ma’ruzalari tinglanib, mahorat darslari o‘tkazildi.
M.Qosimova, O‘zA