O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini, quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini, quvvati 500 kV bo‘lgan podstansiya hamda havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish (Kungrad Wind 2)” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, “ACWA Power Company (Saudi Listed Joint Stock Company)” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi tomonidan “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi, quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi, quvvati 500 kV bo‘lgan podstansiya hamda havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish (Kungrad Wind 2)” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasida “ACWA Power Kungrad Wind 2” MCHJ XK  ta’sis etiladi.

Buning uchun dastlabki baholash bo‘yicha jami 667 mln AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.

Loyiha doirasida shamol elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun yangi podstansiya va havo elektr uzatish tarmoqlari Loyiha kompaniyasi tomonidan quriladi va ishga tushirilgandan so‘ng “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiriladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ 25 yil davomida ishlab chiqilgan elektr energiyani kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi.

Elektr energiyasi uchun to‘lov milliy valyutada amalga oshiriladi.

Mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytiradi.

O‘zA