O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazma saroyida xorazmlik rassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Madamin Xudoyberganovning 70 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan “Tabiat jilvalari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad  qo‘shni viloyat rassomlari bilan o‘zaro tajriba almashish, yosh avlodni rassom asarlari orqali Xorazm madaniyati, san’ati bilan yaqindan tanishtirishdir.

Madamin Xudoyberganov 1953 yil 10 sentyabrda Xorazm viloyati Urganch shahrida tug‘ilgan. 1970 yilda o‘rta maktabni tamomlagan. 1971 yilda P.P.Benkov nomidagi O‘rta Osiyo rassomlik bilim yurtining rassom-o‘qituvchilik bo‘limiga o‘qishga kirdi. 1973-75 yillarda harbiy xizmatni o‘tagan. 1977 yildan Urganch shahar Badiiy fondida grafik dizayner bo‘lib ish boshlaydi.

Ijodiy faoliyati davomida respublika va viloyat ko‘rgazmalarida o‘z asarlari bilan ishtirok etdi. 1994 yilda O‘zbekiston Rassomlar ijodiy uyushmasiga a’zo bo‘ldi. 2002 yildan nafaqaga chiqqunga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qoshidagi Urganch tasviriy va amaliy san’at litsey-internatida tasviriy san’at o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. 2008 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining kumush medali bilan taqdirlandi. 2013 yilda Urganch badiiy galereyasida shaxsiy ko‘rgazmasini ochdi. Bir qancha asarlari davlat eksperti tomonidan sotib olinib, O‘zbekiston davlat muzeylarida saqlanadi. Ayni paytda mustaqil rassom sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Ko‘rgazmada rassomning yillar davomida yaratgan manzara, portret va natyurmort janrlaridagi 40 ga yaqin sara asari o‘rin olgan bo‘lib, asarlarda rassomning ichki kechinmalari, tuyg‘ulari o‘z aksini topadi. Jumladan, manzara janrida “Oydin kecha”, “Eski hovli”, “Urganch arna”, “Kuz”, portret janrida “rassom Bahrom portreti”, “Avtoportret”, “rassom Sabur Qutlimuratov portreti”, “O‘g‘lim portreti” va natyurmort janrida “Baliq bilan natyurmort”, “Sharqona natyurmort”, “Natyurmort. Bobomdan qolgan yodgorliklar” kabi asarlar ko‘rgazmadan joy olgan.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.