Saudiya Arabistoni futbol bo‘yicha 2034 yilda o‘tkaziladigan jahon chempionatiga mezbonlik qilish uchun ariza berishini tasdiqladi. Bu haqda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Kecha FIFA 11 yildan so‘ng bo‘lib o‘tadigan musobaqa mezbonini saralash aylanma tizim bo‘yicha faqat Osiyo va Okeaniya davlatlari o‘rtasida kechishini tasdiqladi.

Avvalroq mazkur jahon chempionatini qabul qilish uchun Avstraliya ham nomzodini ilgari surishi bildirilgandi. Hozircha ushbu qit’a-mamlakat poygaga qo‘shilishi borasida aniq to‘xtamga kelganicha yo‘q.

2034 yilgi jahon chempionati mezbonligi uchun 31 oktyabrgacha ariza topshirish mumkinligi, Avstraliya esa hali yakuniy qarorga kelmagani, boz ustiga ushbu davlat ham Osiyo futbol konfederatsiyasi a’zosi ekani nazarda tutilsa, Saudiya Arabistonida imkoniyat yuqoriligi oydinlashadi.

Qolaversa, Saudiya Arabistonining taklifi OFK tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

T.Ro‘ziyev, O‘zA