Ertaga poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida ITKF karate-do bo‘yicha jahon kubogi bellashuvlari boshlanadi.

Mazkur nufuzli musobaqa oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xalqaro ITKF karate-do federatsiyasi prezidenti Gilberto Gerdner, Osiyo-Okeaniya karate federatsiyasi rahbari Ibrohim al-Bakir, Pan-Amerika karate federatsiyasi yetakchisi Justo Gomes, Yevropa karate federatsiyasi hakamlararo kengashi boshlig‘i Elijio Kontrelo, Afrika karate federatsiyasi prezidenti Rami va O‘zbekiston ITKF karate-do federatsiyasi raisi Shuhratjon Kushmuratov jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Toshkent tatamilarida kechadigan musobaqalarda Misr, Quvayt, Hindiston, Isroil, Jazoir, Italiya, Braziliya kabi 26 dan ziyod davlatning 800 ga yaqin karatechilari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Xalqaro ITKF karate-do federatsiyasi prezidenti Gilberto Gerdner O‘zbekistonda sportga, xususan karatening turli yo‘nalishlarini rivojlantirishga berilayotgan e’tiborni yuksak baholadi. Bu, mazkur jahon kubogi musobaqalariga ko‘rilgan tayyorgarlik jarayonlarida ham o‘z aksini topganini, Toshkent turli sport turlari bo‘yicha nufuzli turnirlar o‘tkaziladigan megapolis shaharga aylanib borayotganini e’tirof etdi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari musobaqa dasturi bilan tanishtirildi.

Jahon kubogi musobaqalari 7 oktyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA