Joriy yilning 12-17 noyabr kunlari WBC tashkilotining yillik konvensiya yig‘ilishi mamlakatimiz poytaxti Toshkentda bo‘lib o‘tadi.

Ayni kunlarda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi va hamkor tashkilotlar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan ushbu tarixiy anjumanga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Professional boks dunyosining eng mashhur yulduzlari ishtirok etadigan ushbu anjumanda o‘z davrida chempionlik martabasiga erishgan o‘nlab chempionlar qatori afsonaviy Mayk Tayson ham kuni kecha Toshkentga kelishini rasman tasdiqladi.

O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi Umid Yakubovning bildirishicha, ushbu anjumanda Evander Xolifild, Amir Iqbol Xan, Kostya Szyu kabi taniqli bokschilar ham Toshkentga kelishini ma’lum qilgan.

WBC tashkilotining 61-konvensiyasi doirasida 17 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena” sport saroyida bir qator nomdor charm qo‘lqop ustalari ishtirokida boks janglari ham tashkil etiladi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA