Shu kunlarda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarida o‘zbek bokschi qizlari orasida ilk jahon chempioni bo‘lgan Nigina O‘ktamova bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu natija bilan u 2024 yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan o‘ttiz uchinchi yozgi olimpiada yo‘llanmasiga ham ega bo‘ldi.

Nigina 2003 yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Shu yerdagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi.

– Nigina oilada ikki qizning biri, lekin o‘g‘il boladek qo‘rqmas, shijoatli bo‘lib tarbiyalangan, – deydi Ishtixon tumanidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi Azim Xudoyqulov. – Balki shuning uchun boksga qiziqqandir. U sport maktabimizga 2017 yilda kelgandi. O‘shandan buyon unga murabbiylik qilaman. Juda iqtidorli sportchi. Odatda o‘ziga ishonchi mustahkam, qat’iyatli yoshlar boks bilan shug‘ullanadi. Lekin qizlar orasida sportning bu turini tanlaydiganlar kam. Niginada esa o‘ziga, o‘z kuchiga ishonchdan tashqari, g‘ayrat, shijoat ham juda baland. Mashg‘ulotlarda astoydil shug‘ullanadi, har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. Shu bois maktabimizga qatnay boshlaganidan ko‘p o‘tmay viloyat va respublika birinchiliklarida muvaffaqiyat qozondi hamda 2018 yil terma jamoaga qabul qilindi. 2019 yil Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2021 yilda esa Polshadagi jahon chempionatida ham zafar qozonib, mamlakatimiz tarixida ilk jahon chempioni bo‘lgan bokschi qizga aylandi.

Bundan tashqari, Nigina bir qator yosh toifalarida qit’a birinchiligi, shuningdek, ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari qatoridan joy olgan. 2021 yilda “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” deb e’tirof etilgan va shu yili davlatimiz rahbari tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Jizzax davlat pedagogika universitetida tahsil olgan.

– Nigina Osiyo o‘yinlarida ham chempion bo‘lish va Parij olimpiadasi litsenziyasini qo‘lga kiritishni maqsad qilgandi, – deya so‘zida davom etadi ustozi Azim Xudoyqulov. – Garchi bronza medali bilan kifoyalangan bo‘lsa-da asosiy maqsadi – olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Endi ushbu musobaqaga tayyorgarlikni kuchaytiramiz va olimpiada chempioni bo‘lishi uchun harakat qilamiz.

Murabbiyning ta’kidlashicha, bugungi kunda Ishtixon tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabi sportchilaridan 25 nafari O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Ular muntazam ravishda xalqaro musobaqalarda qatnashib keladi. Ayni paytda maktab bokschilari oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligida Qozog‘istonda o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri