Nukusda YUNESKO tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda nomoddiy madaniy merosni inventarizatsiya qilish va hujjatlashtirish, shu jumladan, qo‘biz va jirov musiqiy merosini asrab-avaylashga qaratilgan o‘quv dasturi tashkil etildi.

Tadbirlar “Qo‘biz an’anaviy musiqa asbobini ishlab chiqarishni va uning jirov ijrosidagi an’analarini shoshilinch himoya qilish” loyihasi doirasida o‘tkazildi. Ushbu loyiha YUNESKOning 2003 yildagi Konvensiyasining nomoddiy madaniy merosi fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Uning asosiy vazifasi qo‘biz va jirov an’analarini asrab-avaylash orqali Qoraqalpog‘istonning ushbu merosini muhofaza qilish, ularga alohida e’tibor qaratgan holda, asrab-avaylash muhimligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirishdan iborat.

Qo‘biz jirovlarning musiqiy cholg‘u asbobi hisoblanadi. Uning yaratilishi juda qadim zamonlarga borib taqaladi. Jirovlar botirlik dostonlarini ushbu cholg‘u asbobida maromiga yetkazib kuylab kelgan. Shuning uchun ham bugungi kunda qoraqalpoq milliy cholg‘u asbobi qo‘bizni YUNESKO ro‘yxatiga kiritish ishlari olib borilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev YUNESKOning mamlakatimizdagi doimiy vakili Sara Noshadi bilan uchrashuvida bir necha asrlik milliy madaniyatning ajoyib durdonalarini asrab-avaylash masalalari muhokama etilib, mazkur cholg‘u asbobini ro‘yxatga kiritish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

YUNESKO qo‘biz hunarmandchiligi va jirov ijrochilik san’atining kelajagini saqlab qolish choralarini ko‘rish borasida qator tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu chora-tadbirlar milliy salohiyatni oshirish, ushbu nomoddiy merosning tarkibiy qismlarini aniqlash va hujjatlashtirish, mahalliy hamjamiyat va manfaatdor tomonlar o‘rtasida xabardorlikni oshirish hamda ushbu madaniy merosni kelajak avlodlarga yetkazishga ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.

O‘quv mashg‘ulotining davomi sifatida joriy yil 4 va 10 oktyabr kunlari Qoraqalpog‘iston hududida dala tadqiqot ishlari olib boriladi. Undan ko‘zlangan maqsad qo‘biz va jirov bilan bog‘liq bo‘lgan elementlarni aniqlash, inventarizatsiya qilish va hujjatlashtirishdan iborat. Dala ishlari ikki tomonlama: ushbu sohada ichki inventarizatsiya qilish bo‘yicha amaliy tajribani taqdim etish, shuningdek, ushbu madaniy an’analarni hujjatlashtirish va saqlashga hissa qo‘shishdan iborat.

YUNESKO O‘zbekistonda nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash va uning mahalliy, milliy va xalqaro miqyosdagi ahamiyati to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga katta hissa qo‘shmoqda. Tashkilot barcha tegishli manfaatdor tomonlarning salohiyatini mustahkamlash uchun xalqaro, mintaqaviy va milliy sheriklar bilan yaqindan ishlashni davom ettiradi.

O‘quv dasturi yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA