O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zMTDP fraksiyasining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 oktyabrdagi “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan Transport vazirligi hamda elektr energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, hududlarda aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash holati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi yuzasidan Qoraqalpog‘iston hududiy filiali rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi vakilining hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida jami 492 ta avtotransport yo‘nalishi joylashtirilgan, shundan, avtobus yo‘nalishlari 147 ta hamda yo‘nalishli taksi 345 ta yo‘nalishdan iborat.
Mazkur xizmat ko‘rsatib kelayotgan 492 ta yo‘nalishda 2023 yil 1 iyul holatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi avtotransport korxonalari soni 203 ta, mazkur korxonalarga biriktirilgan avtotransportlar soni 3631 ta, shundan, 180 ta avtobus, 327 ta mikroavtobus, 3124 ta yengil avtomobil xizmat ko‘rsatmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qoraqalpog‘iston hududiy filiali mas’ul vakilining hisoboti aytilishicha, bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tomonidan iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha 107 ta podstansiya, 21 ming 405,1 km uzatish tarmog‘i, 6 ming 144 ta transformator punktidan foydalanilib kelinmoqda. 2023 yilda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tomonidan jami 546,2 km uzatish tarmog‘i va 162 ta transformator punktida qurilish hamda rekonstruksiya-modernizatsiya ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda amalda 343,86 km elektr uzatish tarmog‘i hamda 110 ta transformator punkti o‘rnatilib, bu borada ishlar hali davom etmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2023 yilda 1227 ta ijtimoiy va davlat tashkiloti ob’ektlariga 12,3 MVt quyosh paneli, 1754 ta tadbirkorlik sub’ekti ob’ektlariga 14,1 MVt quyosh paneli hamda 4126 ta aholi xonadoniga 7,4 MVt quyosh paneli o‘rnatish belgilangan. Shundan bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 542 ta ijtimoiy va davlat tashkiloti ob’ektiga 9,1 MVt quyosh paneli, 870 ta tadbirkorlik sub’ekti ob’ektiga 4,0 MVt quyosh paneli hamda 1919 ta aholi xonadoniga 3,9 MVt quyosh paneli o‘rnatilgan. Buning natijasida 24,5 mln kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Shuningdek, fraksiya majlisida soha vakillari amalga oshirilgan ishlar bilan birga, galdagi vazifalar to‘g‘risida deputatlarga ma’lumot berdi.
Mazkur sohalarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida qator yutuqlarga erishilgan. Lekin ba’zi kamchiliklar hamon mavjud. Jumladan, deputatlar tomonidan Transport vazirligi vakillariga ba’zi yo‘nalishli taksilar tomonidan yo‘lkira narxining kechki paytda asossiz oshirilayotgani, aholining taklif va talablaridan kelib chiqib, qo‘shimcha transport yo‘nalishlarini ochish lozimligi kabi e’tiroz va takliflar bildirildi. Mas’ullar tomonidan yo‘lkira narxining asossiz oshirilishi yuzasidan nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilishi, shuningdek, 2024 yilning iyun oyigacha yana qo‘shimcha 150 ta avtobus olib kelinib, jamoat transportidagi mavjud muammolar hal qilinishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, deputatlar tomonidan mutasaddilarga aholidan elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha kelib tushayotgan e’tirozlar yetkazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA