XIX Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz hududlari sportchilari qatorida qoraqalpog‘istonliklar ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Jumladan, qilichbozlikning sablya yo‘nalishida ayollar terma jamoamiz tarkibida Zaynab Dayibekova, Guliston Perdebayeva oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qilichbozlikning shpaga yo‘nalishida ishtirok etgan Dilnaz Murtazayeva, sablya yo‘nalishida Zaynab Dayibekova Osiyo o‘yinlarining bronza medallari bilan taqdirlandi.
Nukus xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalida sportchilar tantanali kutib olindi. Unda so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida gapirishdi. Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz delegatsiyasining muvaffaqiyatiga qoraqalpog‘istonlik sportchilar ham munosib hissa qo‘shayotgani qayd etildi.
Kutib olish marosimida sportchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA