Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli tadbir ishtirokchilari dastlab Toshkent shahridagi “Adiblar xiyoboni”da bo‘lib, mazkur muazzam xiyobon misolida mamlakatimizda ma’rifiy jabhada amalga oshirilayotgan keng qamrovli yangilanish jarayonlari bilan tanishdi.

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor bugun misli ko‘rilmagan ko‘lam va miqyos kasb etayotganini ta’kidladi. Bu borada davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini jahon andozalari darajasida takomillashtirish, Prezident maktablaridagi ilg‘or o‘quv metodika va tajribalarni umumta’lim maktablarida ham ommalashtirish, pedagoglarning kasbiy bilim va salohiyatini yanada yuksaltirish, o‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish borasida keng qamrovli yangilanish jarayonlari kechmoqda. Bularning bari maktabgacha va maktab ta’limini sifat jihatdan yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Tantanali tadbirda yurtimiz ta’lim muassasalarida dars berayotgan ustozlar, shuningdek, xorijlik pedagoglarning katta guruhiga “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan ta’limga qaratilayotgan ulkan e’tibor jamiyatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini yanada jadal kechishga zo‘r turtki bermoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizda o‘qituvchi maqomini yanada yuksaltirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezident Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov o‘qib eshittirdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda pedagog kadrlar uchun yurtimizda misli ko‘rilmagan imkoniyatlar yaratib berilgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, pedagog xodimlarning ish haqi 2 bosqichda 1,5 barobar oshirildi. Pedagog xodimlar tomonidan yuritilayotgan hujjatlar soni keskin kamaytirildi. O‘qituvchilarning obro‘si, jamiyatdagi mavqeini kuchaytirishga, ularning haq-huquqlarini yanada ko‘proq himoyalashga qaratilgan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu bilan birga, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.

–Yangi O‘zbekistonimiz kun sayin ravnaq topmoqda, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, faxriy o‘qituvchi Anor Mahmudova. – Bu boradagi o‘zgarishlar samarasi davlatimiz rahbarining jonkuyarligi sababli, deb bilaman. Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasida ham keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Axir bularning baridan biz quvonmay, kim quvonsin!

– Men bolalikdan o‘qituvchilarning jamiyatga ta’siri nechog‘li katta ekanini his etib katta bo‘lganman, – dedi “Yangi O‘zbekiston” universiteti faxriy prezidenti Volfgang Anton Herrmann. – Otam o‘qituvchi bo‘lgan, u o‘quvchilarga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerakligini ko‘p aytardi. O‘zbekistonda ta’limga, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor tahsinga loyiq. O‘qitish tizimidagi islohotlar “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Prezident maktablari misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

–Bir necha yillar avval fransiyalik hamkasblar bilan tanishib qolgandim, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, faxriy o‘qituvchi Muhabbat Sharofova. – Ular yurtimizda o‘qituvchilar “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lganidan juda hayratlanishgan edi. Men o‘qituvchilari qahramon darajasiga ko‘tarilgan shunday diyorda yashayotganimdan behad faxrlanaman.

Tantanali kechada mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlari, ustozlarni e’zozlash, yoshlarga qaratilayotgan e’tiborni, tinch va osuda kunlarimizni  tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

 

Nazokat Usmonova, Murodxon Xo‘jayev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA