![](https://cdn.uza.uz/2023/09/29/11/36/0GEiEkzexMDIzhEc928ZgZt2qphcGAvB_front.jpg)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida 29 sentyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvida ishtirok etdi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.
![](https://cdn.uza.uz/2023/09/29/11/36/hTHg8YAOOF9zlXqpphXuGZ67MWrbbNBy_front.jpg)
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni, shu jumladan Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida ta’minlashning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
![](https://cdn.uza.uz/2023/09/29/11/36/HdkzEJS1oExBIiGQZdNWXtwtbaeYh6Rk_front.jpg)
Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtaldi. Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga, eng avvalo yuksak texnologiyalar va innovatsion rivojlanish, transport kommunikatsiyalari, “yashil” energetika, kasbiy ta’lim, faol madaniy va akademik almashinuvlarga alohida e’tibor qaratildi.
![](https://cdn.uza.uz/2023/09/29/11/36/n3YQRK9LLjDxHlDojSsWR4qjiRmFy5pt_front.jpg)
Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Yoshlarimizda nemis tiliga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlandi – bugungi kunda yurtimizda uni qariyb 300 ming nafar maktab o‘quvchilari va talabalar o‘rganmoqda.
Suhbatda Germaniya Federal Prezidenti O‘zbekiston yetakchisini Berlin shahridagi dunyoga mashhur Jeyms Simon galereyasida noyob madaniy-tarixiy ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Bir necha oy ichida ko‘rgazmaga 200 ming nafar berlinliklar va Germaniya poytaxti mehmonlari tashrif buyurdi.
![](https://cdn.uza.uz/2023/09/29/11/36/7hlttDplhkvyDTtBDkjleisWClgEiQa1_front.jpg)
![](https://cdn.uza.uz/2023/09/29/11/36/OU9qVLQXgP56Z5ywCdnC8HlEjTR1IMTG_front.jpg)