Davlatimiz rahbarining 2022 yil 9 avgustdagi “Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda “Men donorman” xayriya aksiyasi tashkil etilmoqda.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ham ushbu ezgulik xayriya aksiyasida faol ishtirok etib, savobli ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Xususan, ular Nukus shahridagi Respublika qon quyish stansiyasi ko‘chma donorlik kompleksi filialida o‘tkazilgan xayriya aksiyasida ishtirok etdi. Aksiya doirasida  ko‘ngilli o‘qituvchilar va 22 nafar talaba-yosh qatnashdi.

Ushbu jarayonda dastlab ko‘ngilli donorlar ro‘yxatga olindi. Qon quyish stansiyasi shifokori R.Xojametova tomonidan talabalarga qon olish jarayoni qanday kechishi, qon topshiradiganlarga qo‘yiladigan talablar va ularning huquqlari, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, bu aksiyadan ko‘zlangan maqsad haqida tushunchalar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA