Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari Bosh shtab boshliqlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Pokiston Islom Respublikasi, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari Mudofaa vazirliklari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Tadbir avvalida harbiy delegatsiyalar vakillari “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, “Shon-sharaf” muzeyini ko‘zdan kechirdi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Konferensiya doirasida mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, gumanitar yordam va mintaqaviy barqarorlik kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zA