Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida temir yo‘l sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar muhokamasi va ularni hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Mutasaddilarga temir yo‘l stansiyalari va ular atrofidagi bo‘sh maydonlardan unumli foydalanib, kompleks logistika xizmatlari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirish topshirildi.

Sohada IT auditini o‘tkazib, malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda “Yagona darcha” axborot tizimini yaratish zarurligi qayd etildi. Bunda, yuk tashish hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS o‘rnatish va onlayn ombor axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishi lozim.

“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning nosohaviy aktivlarini sotish yoki boshqa tarmoqlarga o‘tkazish, sotishdan tushgan mablag‘larni temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi. Endilikda “O‘TY”ning nosohaviy aktivlarda ishtiroki qat’iy taqiqlanadi.

Shuningdek, mutasaddilarga barcha temir yo‘l kesishmalarini xatlovdan o‘tkazish va tartibga solishga topshiriq berildi.

Belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, uning amalga oshirilishi yuzasidan Prezidentga muntazam axborot kiritib borish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida soha uchun mas’ullarning axboroti va takliflari tinglandi.

 

O‘zA