Germaniya mudofaa uchun xarajatini ko‘paytirib, sovuq urush davridagi darajaga yetkazmog‘i lozim. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Funke” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
– Keskinlik oshib borayotgan bir paytda mudofaa xarajatini oshirish zarur, – dedi u. – Sovuq urush davrida Germaniyani boshqargan Konrad Adenauer (1949-1963 yillardagi kansler) yoki Villi Brandt (1969-1974 yillar) davrida 3-4 foiz mablag‘ mudofaaga sarflangan. O‘sha amalni hozir ham qo‘llash kerak.
Suhbat chog‘ida Stoltenberg “Ukraina muayyan vaqt o‘tib, bir kuni NATOga a’zo bo‘lishi muqarrar”, deya qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi jangovar harakat qachon tugashini “hech kim” bilmaydi.
– Aksariyat ziddiyatlar boshlanishidan avval qilingan taxminga nisbatan cho‘ziladi, – degan NATO rahbari. – Shuning uchun Ukrainadagi mojaro uzoq davom etishiga tayyor turishimiz lozim.