Rasmiylar hisob-kitobiga ko‘ra, Liviyada halokatli suv toshqini natijasida kamida besh ming kishi halok bo‘lgan. Bu haqda “Sky News” nashri yozdi.
Mahalliy axborot agentligi va telekanalga Sharqiy Liviya hukumati ichki ishlar vazirligi ma’lumot berishicha, kamida 5300 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Garchi boshqa manbalar bu raqamni tasdiqlamasa-da, minglab qurbonlar borligi tez-tez tilga olinyapti.
Aksariyat qurbonlar va jiddiy vayronagarchilik mamlakat sharqidagi Derna port shahrida kuzatildi: ikki to‘g‘on suv bosimi ostida yorilib ketdi.
Liviya sharqini nazorat qiluvchi ma’muriyat sog‘liqni saqlash vaziri Usmon Abdul Jalil avvalroq 3000 dan ko‘p odam nobud bo‘lgani tasdiqlanganini bildirgandi.
– Minglab insonlarning taqdiri noma’lum, halok bo‘lganlar soni esa 10 mingga yetishi kutilyapti, – dedi u “Al-Massar” telekanaliga. – Dernada ko‘plab mahallalar butunlay suv ostida qolgan. Tabiiy ofat oqibatida mingga yaqin jasadning shaxsini aniqlashga to‘g‘ri kelyapti. Bu shaharda vaziyat tobora fojiali tus olmoqda, qurbonlar soni bo‘yicha tayinli ma’lumot yo‘q. Ko‘p hududlarga hali kirib bo‘lmayapti.
– Dernadagi vaziyat halokatli. Jasadlar hamma joyda – dengizda, vodiylarda, binolar ostida yotibdi, – dedi Sharqiy Liviyaning tan olinmagan hukumati fuqaro aviatsiyasi vaziri Hikem Abu Shkivat. – Shahar aholisining 25 foizi g‘oyib bo‘ldi, desam mubolag‘a emas. Juda ko‘p bino qulab tushdi.
Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari Federatsiyasining Liviyadagi vakili Tamer Ramadan Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda qurbonlar soni juda ko‘pligini tasdiqladi. Toshqinga qarshi kurash, ofat oqibatini bartaraf etish uchun hukumat, jamiyat va xalq imkoniyatidan tashqari xalqaro yordam ham kerak bo‘lishini ta’kidladi.
Mutaxassislar Dernadagi to‘g‘onlar portlashi mumkinligini hisobga olgan, ammo hech kim aholini xavfdan ogoh qilmagan.
Dernalik Huzayfa Al-Hasadiy “Al-Xurra” telekanaliga bergan intervyusida fojiani og‘irlashtirgan holatlardan biri yer notekisligi ekanini aytib, “…suv to‘plangan ba’zi hududlar chuqurligi 400 metrga yetdi, to‘g‘on buzilgach, sakkiz ko‘prik, o‘nlab turar-joy binolari butunlay qulab tushdi”, dedi.
Hodisadan mamlakat sharqidagi Bing‘ozi, Sus, Al-Maj shaharlari ham jabrlangan. Liviya armiyasining yetti nafar askari qutqaruv ishlari chog‘ida g‘oyib bo‘ldi.
Rasmiylar mamlakat sharqida komendantlik soati joriy qildi, maktab va do‘konlar yopildi.
Eslatib o‘tamiz, 2011 yil Muammar Kaddafiy hokimiyatdan ag‘darilgan qo‘zg‘olondan keyin Liviya ikki raqib ma’muriyat o‘rtasida bo‘linib qolgan.
Na tan olingan va na tan olinmagan hukumatlar infratuzilmani saqlash va ta’mirlashga sarmoya kiritmadi. Natijada suv toshqini mana shunday halokatli oqibatlarga olib keldi.
O‘tgan hafta tabiiy ofatlar Gretsiya, Turkiya va Bolgariyada ham kuzatilgan edi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA