Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan “Vatan ostonasi” shiori ostidagi “Ma’naviyat karvoni”ning dastlabki manzili mamlakatimizning shimoliy hududi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ldi.
Erta tongdan elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Zulfiya Mo‘minova, “Muqimiy” nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Otaboyev, yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhiddinova hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i Maxfirat Zikirovalar Nukus xalqaro aeroportida kutib olindi.
Mehmonlar DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismlardan birida bo‘lib, yurtimiz osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida jon fido qilgan qahramon chegarachilar xotirasiga hurmat bajo keltirgach, Qo‘ng‘irot tumani “Karakalpakiya” aholi yashash punktida joylashgan Madaniyat saroyi tomon yo‘l oldi. Mahalliy aholi vakillari, yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirning badiiy qismida yurtga sadoqat, mehr-oqibat hamda insoniylikni tarannum etuvchi she’rlar o‘qildi, mashhur spektakllardan badiiy parchalar namoyish etildi.
– Bizni milliy urf-odat va an’analarga xos tarzda, o‘zgacha mehmondo‘stlik bilan kutib olishdi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Otaboyev. –Tashkil etilgan ma’naviy tadbir davomida yig‘ilgan yoshu qari bilan dildan suhbat qurdik. Albatta, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, kelajak avlodda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish borasida bunday uchrashuvlarning o‘rni beqiyos.
Shuningdek, tashrif davomida mazkur hududda joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli bo‘linmalardan birida sarhadlarimiz posbonlarining turmush o‘rtoqlari uchun qurilgan fitnes zali, farzandlari uchun o‘yingoh va kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun tashkil etilgan kutubxonaning tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ramziy lentalar kesilgach, mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
– Shunday olis chegaraoldi hududida yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan o‘g‘lonlarimiz, ularning turmush o‘rtoqlari va farzandlariga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibordan nihoyatda mamnun bo‘ldik, – deydi yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhiddinova. Ayniqsa, harbiy oila bekalari uchun yaratilgan fitnes zalini ko‘rib, ko‘zim quvnadi. O‘zim ham trenajyorlardan biriga o‘tirib foydalanib ko‘rdim. Buning barchasi inson qadri, uning baxtiyor va farovon turmushini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasi desam, yanglishmayman.
Navbatdagi manzil “Jaslыq” aholi yashash punkti. Hududdagi 54-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchi yoshlar, nuroniylar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari jam bo‘ldi. Bu yerda ham samimiy suhbat va qiziqarli savol-javoblar diltortar kuy-qo‘shiq, raqslarga ulanib ketdi.
Maktab hovlisida sarhadlarimiz posbonlari tomonidan tashkil etilgan qurol-aslahalar va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi, xizmat hayvonlari ishtirokidagi chiqishlar, shuningdek, shijoatli harbiylar bajargan qo‘l jangi usullarining namoyishi hech kimni befarq qoldirmadi.
Ikki kunlik safar davomida mehmonlar Amudaryo tumanining “Qilichbek” ovul fuqarolar yig‘inida ham bo‘lib, bu yerdagi Madaniyat saroyida ikki yuz nafarga yaqin mahalliy aholi vakillari bilan uchrashdi. Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar va ma’naviyat vakillari bilan uchrashuv amudaryoliklarga ham olam-olam quvonch ulashdi.
– Men O‘zbekiston xalq artisti Gavhar opa Zokirovaning muxlisasiman. Bugun ular bilan suhbatlashib, vatanparvarlik haqidagi fikr-mulohazalari, she’rlari, o‘ynagan spektakllaridan parchalarni tinglab katta taassurot oldim. Umuman, san’atimiz vakillari bizning ovulga tashrif buyurganidan nihoyatda xursandmiz, – deydi Sarvinoz Mameshova.
DXX Chegara qo‘shinlari harbiylari hamrohligidagi “Ma’naviyat karvoni” sarhadlarimiz bo‘ylab safarini davom ettirmoqda.
N.Bozorova, O‘zA muxbiri