Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida barcha bo‘g‘indagi davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-seminarda vazirlik va idoralar, ularning shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadigan huquqiy hujjat hisoblanadi. Yangi Konstitutsiyada fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlovchi, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarini tartibga soluvchi bir qator o‘zgarishlar, yangi qoidalar joy olgan.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida alohida grafik asosida barcha bo‘g‘indagi davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlariga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini o‘qitishni tashkil etish topshirig‘i berilgan. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligining qo‘shma qarori bilan vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat hamda sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlarida o‘quv-seminarlarni tashkil etish va o‘tkazish jadvali tasdiqlangan.
Seminar davomida davlat xizmatchilariga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijrosini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan vazirlik va idoralarda amalga oshiriladigan birinchi navbatdagi ustuvor vazifalar, Konstitutsiyaning asosiy tamoyillari, inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari hamda jamiyat va shaxs masalalari, Konstitutsiyada davlat hokimiyatining tashkil etilishi hamda saylov tizimidagi fundamental vazifalar mavzularida ma’ruza va taqdimotlar qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari