Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xizmat iti yordamida Nukus shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ov miltig‘ini sotayotgan fuqaro ushlandi.

Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, o‘qotar qurol, o‘q dorilar, pnevmatik, signal beruvchi, o‘z-o‘zini himoya qilish qurollarini tegishli litsenziyalarsiz yoki ruxsatnomalarsiz olib yurish, realizatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki undan olib chiqish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Tadbir davomida O‘zbekiston fuqarosi o‘zining yashash xonadonida tadbirga jalb qilingan “Shartli xaridor”ga  2 million so‘m pul mablag‘i evaziga 1 dona, 1 stvolli, 20 kalibrli “IJ-18-Ye” markali ov miltig‘ini va 99 dona “Record 5” 70 mm yozuvli gilzalarini sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatilib, tegishli tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, vaqtincha saqlovga olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri