Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Vatan ostonasi” shiori ostida festival tashkil qilindi. Bundan maqsad hududning chegaraoldi mahallalarida yashovchi yoshlar turli yot g‘oyalar girdobiga tushib qolishining oldini olish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda an’analarga hurmat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashishdir.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar, olimlar va san’atkorlardan iborat ijodiy guruh ishtirok etgan festival boshlanishi oldidan mehmonlar harbiy xizmat chog‘ida Vatan tinchligi yo‘lida jon fido etgan DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari xotirasini yod etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining olis Qo‘ng‘irot tumani Qoraqalpoq posyolkasida joylashgan Madaniyat uyida davom etgan tadbirda harbiylar va ularning oila a’zolari, hududda istiqomat qilayotgan yoshlar qatnashdi.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, olim va shoirlarning ma’ruzalari, san’atkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar, tuman Madaniyat uyi xonandalarining ijodiy chiqishlari qatnashchilarga xushkayfiyat ulashdi.
Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumani chegarasida joylashgan harbiy qismda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, harbiy shaharchada bunyod etilgan yangi kutubxonaning ochilish tadbiri ham tashkil qilindi. Ta’kidlash joiz, ko‘rkam, barcha sharoitlarga ega yangi kutubxonada o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari, huquq va boshqa sohalarga oid adabiyotlar, matbuot nashrlari o‘rin olgan.
Festival doirasida harbiy shaharchada harbiylarning oila a’zolari bilan suhbat ham tashkil qilindi.
Olis Jasliq aholi punktida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirlar, 54- hamda 57-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tgan ijodiy uchrashuvlarda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, shoir va olimlar, san’atkorlarning chiqishlari hudud aholisi, yoshlar hamda harbiy xizmatchilar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
“Vatan ostonasi” festivali Farg‘ona, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida davom etadi.
M.Komilova,
O‘zA muxbiri