Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mahallalardagi ob’ektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar ijrosini nazorat qilib borish maqsadida Senat a’zolari joylarga chiqib, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy soha ob’ektlarini ta’mirlash borasidagi loyihalar ijrosining borishini o‘rganmoqda.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Batir Matmuratov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi va mahalliy aholi bilan muloqot qildi.
Bo‘zatov tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi. Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Yangi Mo‘ynoq” nomli kitob – albomning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu kitob-albomda mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumanida o‘tgan qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush tarzidagi ijobiy o‘zgarishlar o‘z aksini topgan.
Senator tumandagi “Erkindarya” ovul fuqarolar yig‘ini “Akeden” ovuli hududida barpo etilayotgan 200 o‘rinli sanatoriya hamda 60 o‘ringa mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi bilan tanishdi. U yerda tashkiliy masalalarga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, senator aholi xonadonlariga borib, vaziyatni o‘rganib, zarur choralar ko‘rdi. Ayni paytda tumandagi “Bo‘zatov” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi A. Niyetbekov xonadonida xomiylar ko‘magida to‘liq ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Senatorlarning hududlardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
O‘zA