Mamlakatimizda sud tizimini demokratlashtirish va mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar va tadbirkorlarning sud idoralariga nisbatan ishonchi oshishiga, sud qarorlarining barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2023 yilning 26 aprelida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun bilan davlat organlarining qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlar rolini kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar kiritildi. Jumladan, ma’muriy sud ishlarini yuritishda yangi prinsip – “Sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida ish yuritish joriy etildi. Bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha dalillarni yig‘ish, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga esa ishning haqiqiy holatini tekshirishda va dalillarni to‘plashda sudga ko‘maklashish shartligi belgilab berildi.
Ta’kidlash lozimki, yuqorida qayd etilgan qonun bilan yana bir muhim o‘zgartish – sud tizimiga “yagona darcha” tamoyili joriy etildi. Bundan buyon ish fuqarolik, iqtisodiy yoxud ma’muriy sudga taalluqli bo‘lishidan qat’iy nazar, arizalar “yagona darcha” asosida qabul qilinadi. Xususan, ma’muriy sud faoliyati yuzasidan tushuntirish berilsa, endilikda ma’muriy sudga murojaat qilgan murojaatchining arizasi (shikoyati) mazkur sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatish tartibi bekor qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, ariza (shikoyat) sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda, ma’muriy sudga taqdim etilganligi aniqlansa, 5 kun ichida “ariza (shikoyat) taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish to‘g‘risida” ajrim chiqarib, ish materiallarini tegishli sudga yuborishi belgilandi.
Qonunda taraflar o‘rtasida nizoga barham berish maqsadida kelishuv bitimi tuzish to‘g‘risida yangi norma belgilandi.
Endilikda taraflarga ularning ixtiyoriy roziligi asosida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha yarashuvga erishish mexanizmi, kelishuv bitimini tuzish huquqi berildi. Kelishuv bitimining asosiy vazifasi muayyan ma’muriy ishlar bo‘yicha taraflarning pozitsiyasini yaqinlashtirish, nizoni hal etish shartlarini tartibga solish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlab, o‘z manfaatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘zaro muzokaralar orqali yarashuv natijalariga erishishda imkoniyat berishdan iborat. “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risida” gi kodeksga kelishuv bitimini tuzishning protsessual tartibini belgilovchi yangi, ya’ni 151-bob kiritildi. Unga ko‘ra, taraflar ma’muriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida, shu jumladan, sud hujjatini ijro etish jarayonida ham nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda hal etishlari mumkin. Bunda taraflarning kelishuvi faqat javobgarda ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat), ya’ni ma’muriy organning qonunchilik doirasida yo‘l qo‘yilgan choralardan birining qonuniyligiga va maqsadga muvofiqligiga o‘zi baho berishi asosida o‘z ixtiyoriga ko‘ra qo‘llash yoki tegishli chorani qo‘llashdan voz kechish huquqi mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yiladi. Sudlar tomonidan kelishuv bitimini vakil orqali tuzishga, xususan, ishonchnomada kelishuv bitimi tuzish vakolati nazarda tutilgan taqdirda ham, Kodeksning 62-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, vakillar tomonidan kelishuv bitimi tuzilishiga hamda bunday kelishuv bitimlari sudlar tomonidan tasdiqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu jumladan, fuqaroning, yuridik shaxsning hamda jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab, ariza taqdim etgan prokuror kelishuv bitimi tuzish vakolatiga ega emas. Kelishuv bitimi sud majlisida taraflar ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Bunday hollarda sud tomonidan kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi sud ajrimi ijro etilmagan taqdirda, tegishli mansabdor shaxslarga Kodeksning 122-moddasida belgilangan tartibda jarima solinadi. Bu bilan sud hujjatlari mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vaqtida va og‘ishmasdan bajarilishiga erishiladi.
Ushbu qonunga muvofiq, Ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdan iborat. Bu vazifani bajarishda sud hujjatlarining o‘z vaqtida ijro etilishi muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni bilan ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar toifasi kengaytirildi. Bu bilan esa fuqarolar va tadbirkorlarga yengillik yaratildi.
Mazkur qonunga muvofiq, ma’muriy sudlarning sudloviga yangi toifada hal etiladigan bir qator quyidagi ishlar kiritildi:
– iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi chiqargan qaror ustidan nizolashishga oid ishlar;
– ma’muriy organlar tomonidan undirish so‘zsiz tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjati yoki boshqa hujjat ustidan berilgan ariza va shikoyatlar (qarzdorlik undiruvi so‘zsiz tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjati deganda, ma’muriy organlar, jumladan, soliq organlari tomonidan Soliq kodeksining 90-moddasi, bojxona organlari tomonidan Bojxona kodeksining 351-moddasida nazarda tutilgan tartibda qo‘yiladigan inkasso topshiriqnomalari tushuniladi);
– arizachining ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan birga, ma’muriy organdan yoki mansabdor shaxsdan o‘ziga yetkazilgan zararni undirish haqidagi talabni ko‘rib chiqish.
Bunday hollarda, zarar miqdorini isbotlash majburiyati arizachining zimmasiga yuklatiladi. Arizachi zararni qoplash bilan bog‘liq ariza (shikoyat) ni sudga taqdim etishda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 2-ilovasiga muvofiq, talab summasining 2 foizi miqdorida, biroq BHMning bir baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji to‘lashi hamda arizada ma’muriy organdan undirilishi so‘ralgan zarar summasini ko‘rsatishi kerak. Arizada (shikoyatda) qoplanishi so‘ralayotgan zararning miqdori ko‘rsatilmagan taqdirda, BHMning kamida 1 baravari miqdorida davlat boji to‘langan bo‘lsa, ariza (shikoyat) qaytarilmay, sudning ish yurituviga qabul qilinishi hamda ishni ko‘rish jarayonida arizachi zarar miqdoriga aniqlik kiritish choralarini ko‘rishi belgilandi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, har qanday holatda ham, ma’naviy zararni qoplash haqidagi talab fuqarolik sudi sudloviga taalluqli bo‘lib, Fuqarolik kodeksining 1021-1022-moddalari talabi asosida hal qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, sud tizimini isloh qilish maqsadida qabul qilinayotgan har qanday yangi qonun hujjati fuqarolar va tadbirkorlarning nafaqat odil sudlovga erishish kafolati sifatida, balki sud qarorlari so‘zsiz ijro etilishi va sud faoliyatining xalqaro talablar doirasida takomillashtirilishiga xizmat qilayotgani amalda namoyon bo‘lmoqda.
A.Nurlipesov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining raisi.
O‘zA