Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning yaxshi sharoitda yashashi uchun ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida sharoiti og‘ir oilalar va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ovul va mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Beruniy tumanida o‘tkazilgan xatlov jarayonida 1 ming 189 ta uyning tom qismini ta’mirlash zarurligi, 18 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy aniqlandi. Yil boshidan buyon yaroqsiz va avariya holatidagi barcha uylar qurib bitkazilib, o‘z egalariga topshirildi.
Tumandagi Qizilqal’a ovulida yashovchi Gulzira Abdullayeva, Guliston mahallasida yashovchi Chinora Yusupova oilalari yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tdi. Mustaqillik bayrami quvonchlari hovli to‘ylariga ulashib ketdi.
Tuman sektorlari rahbarlari mazkur xonadonlarda bo‘lib, mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami hamda yangi uy-joylar bilan qutladi. Davlatimizda amalga oshirilayotgan har bir ijobiy ishlar aholining baxtli hayot kechirishiga, farovon umrguzaronlik qilishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. O‘z navbatida yangi uylar egalari ehtiyojmand oilalarga alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorchiligini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri