Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidagi “Qamsariq” ovul fuqarolar yig‘inida 7 ming 100 dan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Ovulda 5 ta umumta’lim maktabi, 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, bir qancha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, oilaviy shifokorlik punkti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, 61 ta dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik yanada boshqa sohalarga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari tashkil qilingan.

Aholi turmush sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlash, daromadini oshirish borasida hududda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hokim yordamchisining tavsiyasi bilan joriy yilda 122 nafar fuqaroga tadbirkorlik, hunarmandchilik, baliqchilik, asalarichilik, bog‘dorchilik, dehqonchilik va xizmat-ko‘rsatish sohalari bilan shug‘ullanishi uchun “Online mahalla” platformasi orqali 1 milliard 910 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, ovulda tomorqachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholining aksariyat qismi tomorqadan qo‘shimcha daromad manbai sifatida foydalanadi.

Nuroniy Tenelbay Bekimbetov yer bilan tillashgan omilkorlardan.

U 6 sotixli tomorqasida pomidor, sabzi, kartoshka, bulg‘or qalampiri, uzum kabi meva-sabzavotlar yetishtirib, har yili 7-8 million so‘m daromad oladi. Shuningdek, tomorqasida issiqxona ham tashkil etgan. Yil bo‘yi dasturxonidan sarxil noz-ne’matlar arimaydi.

O‘zA fotomuxbiri

Maqsad HABIBULLAEV olgan suratlar