Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanining Olmazor mahallasi hududidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida “Madaniyat karvoni” festivali doirasida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida gala konsert bo‘lib o‘tdi.

Yurtimizning barcha hududlarida aholi, ayniqsa, olis manzillarda istiqomat qiladigan fuqarolarga madaniy dam olish xizmatlari ko‘rsatish darajasini oshirish, ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, madaniyat va san’at sohasida iste’dodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Madaniyat vazirligi tomonidan hududlarda konsert-tomosha muassasalari, sirk va teatr xodimlari orasidan “Madaniyat karvoni” tarkibiga kiritiladigan ijodkorlar ro‘yxati shakllantirildi.

An’anaga aylangan ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni keng ommaga yetkazish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashdan iborat. Shu maqsadda taniqli san’at va madaniyat namoyandalari, yozuvchi va shoirlar, ilm ahli joylarda aholi bilan uchrashib, ularning mazmunli dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi ta’minlamoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri