Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.

Tashrif doirasida Senat raisi Taznzila  Norboyeva Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi.

Ma’lumki, Belarus O‘zbekistonning MDHdagi an’anaviy hamkorlaridan biridir. Mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik va sheriklik ruhida izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, siyosiy, savdo -iqtisodiy, ilmiy – texnikaviy va madaniy -gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Suhbatda parlamentlararo muloqot samarali rivojlanayotgani, o‘zaro manfaatli uchrashuv va tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib borilayotgani, MDH Parlamentlararo assambleyasi hamda  Parlamentlararo ittifoq doirasida faol hamkorlik qilinayotgani  ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Belarus xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar – BMT, MDH, SHHT doirasida konstruktiv hamkorlik qilmoqda.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston – Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes – forumiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tadbir ayollar tadbirkorligini rivojlantirishiga muhim hissa qo‘shishi, savdo – iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarni muhokama qilish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishi ta’kidlandi.

Erishilgan shartnoma va kelishuvlar ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilishi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi. Qo‘shma tadbirlar orqali gender tengligiga erishish va Belarus ayollar ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida boshqa muhim masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA