Tilsiz yov — yong‘inlarga nisbatan beriladigan bu ta’rifning mohiyatini hammamiz yaxshi anglaymiz. Kutilmaganda sodir bo‘lib, bir pasda katta fojealarni keltirib chiqarish qudratiga ega yong‘inlar ko‘pincha ehtiyotsizlik oqibatida yuzaga keladi. Bu kabi ofatlarning oldini olish borasida zarur choralarni ko‘rish, har birimiz ehtiyotkor bo‘lishimiz talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 avgustdagi “Yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yong‘in xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab muntazam ravishda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshiriladi.

Kampaniya doirasida ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi. Jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlariga qator vakolatlar beriladi.

Xususan, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ob’ektlarda bir yilda ko‘pi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini o‘tkazish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tezkor tekshiruvlar o‘tkazish, bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan ob’ektlarda (bozorlar, savdo-ko‘ngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqalar) davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish vakolati beriladi.

Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan maqsad aholi hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslar mulkini yong‘in xavfidan asrash, yong‘inlarning kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lgan, birinchi navbatda, aholi ommaviy yig‘iladigan ob’ektlarda yong‘inlarning oldini olish samaradorligini tubdan oshirishdan iborat.

Zero, respublikamizda 2022 yilda 10 ming 260 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 284 nafar fuqaro jabrlangani, shundan 107 tasi vafot etgani, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga 214,6 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani bu borada zarur choralarni ko‘rish lozimligini anglatadi.

 

M.Komilova,  

O‘zA