Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yangi o‘quv yili arafasida maktab ta’limidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu haqda alohida to‘xtaldi.

– Mana shu imkoniyatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va muallimlarni, o‘z maktabini sog‘ingan va “men ham o‘quvchi bo‘laman!” deb quvonchi ichiga sig‘may turgan farzandlarimizni, ularning ota-onalarini yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili bilan chin dildan tabriklayman.  

Qadrli o‘qituvchi va muallimlar, maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga murojaat qilmoqchiman.

Aziz ustozlar, maktab ta’limi sohasidagi islohotlarimizni amalga oshirishda men sizlarni o‘zimning eng yaqin yordamchim, deb bilaman.

Sizlar bir haqiqatni, albatta, yaxshi tushunasiz. Ya’ni, biz maktab ta’limini yanada yaxshilash bo‘yicha qabul qilayotgan chora-tadbirlarimizning pirovard natijasi avvalo sizlarga, sizlarning fidokorona mehnatingizga bog‘liq.

Men sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – yangi avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlarni ko‘raman.

Bugun sizlar ta’lim-tarbiya berayotgan, qalbini, ongini ezgulik bilan to‘ldirayotgan millionlab farzandlarimiz ertaga Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lib bizning safimizga kiradi.

Vatanimiz, xalqimiz sizlarning bunday olijanob xizmatlaringizni hech qachon unutmaydi.

O‘qituvchilik kasbini e’zozlash, uning mehnatini qadrlash bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilish yakunida vazirlar va hokimlarning kun tartibidagi masalalar yuzasidan hisoboti tinglandi.

O‘zA