Tailand poytaxti Bangkok shahrida 24 may kunidan 2 iyun kuniga qadar “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanma beruvchi II Jahon kvalifikatsion turniri bo‘lib o‘tadi.

Unda O‘zbekiston ayollar terma jamoasining 3 nafar vakili Olimpiada yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.

Kuni kecha tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, 60 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Rashida Tagirova o‘z yurishini ikkinchi bosqichdan boshlaydi. Unga Agnes Aleksiusson (Shvetsiya) — Kabuaua Toauriri (Kiribati) o‘rtasidagi bahs g‘olibi raqiblik qiladi. Vazni -66 kg. bo‘lgan Navbahor Hamidova esa ilk jangini bolgariyalik Joana Nvameruyega qarshi o‘tkazsa, -75 kg. vazn toifasida Aziza Zokirovaning dastlabki raqibi latviyalik Kitija Zarberga bo‘ladi.

Ertaga, 25 may kuni II Jahon kvalifikatsion turnirining birinchi kunida faqatgina Navbahor Hamidova jang qiladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA