Dehli shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Hindiston Press-klubi (Press Club of India) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mezbon davlat markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari, yurtimizdan borgan jurnalistlar hamda respublikamizning Hindistondagi elchixonasi mas’ullari ishtirok etdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotganini e’tirof etishdi. O‘zaro tezkor, haqqoniy axborot almashish, jurnalistlar o‘rtasidagi aloqani rivojlantirish, OAV vakillari tajriba va mahorat almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr bildirildi.

Jumladan, Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchimiz Sardor Rustamboyev, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalar, xususan media maydonida amalga oshirilayotgan islohotlar, matbuot va so‘z erkinligini, ochiqlikni ta’minlash, OAV vakillari uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida so‘z yuritdi.

O‘zA