O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov she’riyati teran falsafiy qarashlari, xalqchilligi, samimiyati, ona tilimizning oltinga teng jozibasini, nafosati va nozikligini his etishga imkon berishi bilan g‘oyat qadrlidir. Shu sababli ustoz ijodkorning she’rlari adabiyot muxlislari tomonidan katta qiziqish, zavq, hayrat va havas bilan mutolaa qilinadi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Green Hills Resort” dam olish maskanida Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan adabiy festival jarayonida bu jihatlar yana bir karra namoyon bo‘ldi. G‘oyat samimiy, fayzli, shukuhli tarzda o‘tkazilgan ushbu adabiyot, she’riyat bayramiga so‘z san’ati muxlislari, yozuvchi va shoirlar, yoshlar, ustoz ijodkorning farzandlari, qadrdonlari, do‘stlari taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan adabiy festival qatnashchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi. Unda ta’kidlanganidek, bugungi g‘oyat murakkab globallashuv davrida yoshlar ongi, tafakkuri, ma’naviyatini turli xatarli g‘oya va qarashlardan asrashda, ularda milliy adabiyotimizga cheksiz muhabbat va ishtiyoqni, ona tilimizga hurmatni shakllantirishda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf singari zabardast ijodkorlarning adabiy merosi ulkan ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida ushbu adabiy festivalni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Darhaqiqat, ustoz ijodkor Erkin Vohidov she’rlarida milliy o‘zlik, xalq dardi, Vatan sha’ni ustuvor o‘rin egallaydi. Donishmand ustozimizning o‘lmas satrlari xalqni tanazzuldan ogoh etadi, milliy uyg‘oqlikka, ma’naviy bedorlikka chorlaydi. Shu bois uning she’rlari hozirchaga turli tillarga tarjima qilinmoqda, katta qiziqish va ixlos bilan mutolaa etilmoqda.

Festivalning ochilishida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev va boshqalar Erkin Vohidov  ijodining o‘ziga xosligi, uning Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz ma’naviyatini  yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari, ibratli hayot yo‘li haqida batafsil so‘z yuritdilar.

Milliy adabiyotimizda Erkin Vohidov benazir shoir va dramaturg, mohir tarjimon, o‘tkir publitsist, yirik jamoat arbobi sifatida nom qoldirgan ijodkordir. Tabrikda e’tirof etilganidek, ijodkorning asarlari adabiyotimiz “oltin fondi”dan joy olishi bilan birga, yurtimiz va xorijdagi millionlab she’riyat ixlosmandlarining ko‘ngil mulkiga aylangan.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan Erkin Vohidov ijodini targ‘ib etish, uning boy ma’rifiy merosini o‘rganish yo‘lida katta tashabbuslar ilgari surildi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida shoirning aziz xotirasiga muhtasham haykal o‘rnatildi.

Mamlakatimizda ilk marta tashkil etilgan ustoz shoir xotirasiga bag‘ishlangan adabiy festival ham juda qiziqarli tarzda o‘tdi. Jumladan, she’riyat va musiqa kechasida ustoz she’rlari asosida bahru bayt, dostonlar, she’r va g‘azallar aytildi, shoir so‘zlari bilan kuylanuvchi dilbar qo‘shiqlar kuylandi. “Teatr kechasi”da esa Erkin Vohidov qalamiga mansub “Oltin devor”, “Ruhlar isyoni”, “Donishqishloq hangomalari” asarlari asosida teatrlashtirilgan lavhalar namoyish etildi. Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlab shaxmat turniri ham o‘tkazilib, ijodkorning porloq xotirasi yodga olindi.

–  Ushbu festival jarayonida otajonimizning she’rlari, ijodi xalqimiz qalbidan chuqur joy olganiga yana bir karra guvoh bo‘ldik, – dedi atoqli shoirning farzandi Mohira Vohidova. – Festival juda baland ruhda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Ushbu ijodiy loyiha endilikda har yili o‘tkaziladigan bo‘ldi. Xalqimizning ardoqli shoiri, otajonimiz Erkin Vohidov xotirasini e’zozlash yo‘lidagi cheksiz e’tibor va hurmat uchun Prezidentimizdan, xalqimizdan minnatdormiz.

Ijodiy loyiha yakunida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. Shuningdek, “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida Erkin Vohidov bog‘i tashkil etiladigan bo‘ldi va ustoz ijodkorlar tomonidan ilk daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA muxbiri