Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 21-23 may kunlari Moskva shahrida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi statistikasini rivojlantirish” loyihasi doirasida statistika bo‘yicha talabalarning xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.

Olimpiadada MDHning yettita davlatidan ishtirok etgan 13 jamoa  statistikaga oid bilim va ko‘nikmasini sinovdan o‘tkazdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi ilmiy rahbari Ulug‘bek Kamoliddinovning xabar berishicha, mazkur olimpiadada O‘zbekistondan ikkita jamoa barcha bochqichlarda faol qatnashdi.

– Olimpiadada yetti mamlakatning turli oliy o‘quv yurtlaridan kelgan talabalar uch bosqichda, ya’ni ijodiy topshiriq, individual testlar va ilmiy tadqiqot natijalari asosida kuch sinashdi. Uch kun mobaynida ular o‘z imkoniyatlarini imtihondan o‘tkazish mobaynida ishtirokchi davlat talabalari bilan tanishib, do‘stona muloqotga kirishdi. Bu esa ularning kelgusi hayotida ham bir-biri bilan mustahkam hamkorlik qilishda qo‘l keladi, – dedi U.Kamoliddinov.

Ahamiyatlisi, ishtirokchi jamoalar olimpiadaning barcha bosqichlarida statistikaga oid bilimlarini ko‘rsata oldi.  O‘zbekistonlik jamoalar esa Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha O‘zbekistonda ta’lim sohasida gender tengligi bo‘yicha statistik ma’lumotlarni aniq faktlar va bugungi kun talablari asosida tahlil qildi. Bunday tahlil olimpiada tashkilotchilarining e’tirofiga sazovor bo‘lgani yanada e’tiborlidir.

–Olimpiada yakuniy natijalariga asosan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining har ikkala jamoasi ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi va munosib o‘rinlarga sazovor bo‘ldi, –dedi ushbu jamoalarning rahbari Abdulaziz Abduvaliyev. –Ya’ni,  O‘zbekiston jamoasi “Ilmiy tadqiqotlarda ijodiy yondashuv” va “Statistik instrumentlardan malakali foydalanish” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib, deb topildi. Bunday yutuqlar esa talabalarimizni o‘z ustida ishlashi va izlanishiga katta turtki bo‘ladi va yuqori kayfiyat bag‘ishlaydi.

Olimpiada yakunida jamoalar xalqaro sertifikatlar bilan taqdirlandi.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA