Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyati yanada kengaytiriladi. Ijara va lizing sohasida fuqarolik-huquqiy munosabatlar samarali tartibga solinadi.

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan

Shu asosda “Ijara to‘g‘risida”, “Lizing to‘g‘risida” hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Lizing to‘g‘risida”gi qonunda lizing oluvchining roziligisiz faqatgina lizing ob’ektini garovga qo‘yish mumkin emasligi nazarda tutilgan bo‘lib, uni boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligiga oid qoidalar mavjud emasligi qayd etildi. Ushbu bo‘shliqlar oqibatida fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldov va firibgarlik yo‘li bilan ijara va lizing munosabatlarida jinoyat sodir etish holatlari ortgan. Bunday  jinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar ham yildan-yilga ko‘paymoqda.

Shu sababli “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi kiritilib, shartnoma ob’ektini tasarruf etish va garovga qo‘yish, shuningdek, undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirildi.

Qonun bilan ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi asosida ijaraga berganda ijaraga oluvchi tomonidan shartnoma shartlari bajarilganidan so‘ng tegishli mulkni ijaraga oluvchiga mulk qilib topshirish majburiyatini olishi, ijaraga oluvchi esa ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini olishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan paytdan e’tiboran shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulk garovga qo‘yilgan hisoblanib, uni boshqa shaxslarga garovga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish taqiqlanmoqda.

Shuningdek, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunga lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan vaqtdan e’tiboran shartnoma ob’ekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.

Lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing ob’ektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi belgilanmoqda.

Qolaversa, undiruvni lizing ob’ektiga qaratishdan oldin uning qiymatini lizing oluvchi tomonidan to‘liq to‘lash orqali mulk qilib olishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.

Ushbu masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva qonun amaliyotdagi real muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilganini qayd etdi. Ijara, lizing munosabatlariga kirishayotganda har bir fuqaro o‘z huquqlarini qonun bilan aniq va mustahkam himoya qilinishiga to‘liq ishonch hosil qilishi zarur. Qonundagi yangi normalarning maqsadi aynan shundan iborat.

– Qonunning muhimligi, kerakli ekanligini qancha e’tirof etmaylik, bevosita ijrochilar uni to‘g‘ri anglab, tushunib olmasa, aniq va bir xilda qo‘llanishi ta’minlanmasa yoki aholi, tadbirkorlarning ushbu yangiliklardan xabari bo‘lmasa, natija kutilganidek bo‘lmaydi, – dedi Senat Raisi. – Shu bois, barcha darajadagi, ayniqsa hududlardagi mutasaddi tuzilmalardan, mahalliy kengash deputatlari  qonunchilikdagi yangiliklardan ijrochilar va aholi xabardorligini ta’minlashi, huquqni qo‘llash amaliyoti bir xilda to‘g‘ri tashkil qilinishiga jiddiy e’tibor qaratishlari zarur.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga yangi norma kiritilib, unga ko‘ra, bir eksport shartnomasi doirasida jami yetkazib berilgan mahsulot qiymatining 5 foizidan oshmagan qismi bo‘yicha xorijiy valyuta tushumi ta’minlanmagani oqibatida vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.

Senatda ma’qullangan qonunning qabul qilinishi tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA