Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”, degan so‘zlari yurtimizda tadbirkorning mavqeyi azaldan yuqori bo‘lganidan dalolat beradi. Chunki bu soha vakillariga barcha zamonlarda mamlakat tayanchi, xalq farovonligini ta’minlovchi kuch sifatida qaralgan. Ishning ko‘zini bilganlar doimo qadrlangan, ularga zarur shart-sharoit yaratish choralari ko‘rilgan.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni rivojlantirish Yangi O‘zbekiston siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangani bejiz emas. Bugun ushbu soha mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiriga aylandi va uni rivojlantirishga xalaqit berayotgan barcha to‘siqlar olib tashlanmoqda. Tadbirkorlarni haqiqiy ma’noda ham iqtisodiy, ham huquqiy jihatdan himoyalovchi qonunchilik mexanizmlari shakllantirildi. Soliq, bojxona, logistika bilan bog‘liq ko‘plab imtiyozlar berildi.

Prezidentimizning 2022 yil 13 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlar faoliyatida asossiz tekshiruvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlar mas’uliyatini oshirish hamda tekshiruvlarning ochiqligini ta’minlashda dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.

Eng asosiysi, tadbirkorlarning tinkasini quritgan noqonuniy tekshirishlarga barham berildi. Ya’ni, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga davlat organlari tomonidan asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini ta’minlash yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada 2023 yilning o‘tgan 7 oyi davomida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar soni 63,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39 foizga qisqardi. Tekshirish tartibini buzgan nazorat organlarining 918 nafar mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi. 69 nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 18 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqotida ham joriy yilning olti oyida tekshirishlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foiz kamaygani, buning natijasida tadbirkorlarimiz to‘g‘ri ishlash “soyada” ishlashdan ko‘ra afzal ekanini tushunib yetayotgani tilga olindi.

Yurtimizda biznesni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli o‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko‘payib, 490 mingga, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga ortib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga ko‘payib, 1,5 mingta bo‘ldi. Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi. Bu 2017 yilga nisbatan 3 barobar ko‘p demakdir.

Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000 yillarda atigi 31 foizga yetgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 55 foizni tashkil qildi. Ish bilan band bo‘lgan aholining aksariyat qismi shu sohada xizmat qilmoqda va bugungi kunda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarining 90 foizi ham aynan kichik biznes hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu yo‘nalishda dunyodagi o‘rnimiz ham yil sayin yaxshilanmoqda. Mamlakatimiz keyingi yillarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi o‘nta davlatdan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

“O‘zbekiston – 2030″ strategiyasida keyingi yetti yilda iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, YAIM hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazishdek juda katta marra olindi. Albatta, bu ulkan maqsadga erishish yo‘lida aniq hisob-kitoblar, real imkoniyatlar bor va bunda shubhasiz tadbirkorlar, biznes vakillarining o‘rni muhim bo‘ladi.

Albatta, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan bunday xayrli tashabbuslar, avvalo, yurtimizda inson qadrini ulug‘lashdek ulug‘vor g‘oya hayotiyligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qonunchilikka mas’ul bo‘lgan biz deputatlar esa belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz bajarilishini nazorat qilishga mas’ul ekanimizni aslo unutmasligimiz lozim.

 

Jamshid Qosimov,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati