Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

Falastin axborot va ma’lumot agentligi – wafa.ps sahifalarida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Falastin tashqi ishlar va ekspatriantlar vaziri Riyod Malikiy bilan uchrashuviga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Muallif Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muloqot yakunida kelgusi hamkorlikni nazarda tutuvchi tegishli hujjat imzolangani, shuningdek, boshqa mas’ul xodimlar ishtirokida qizg‘in maslahatlashuv yig‘ilishi bo‘lib o‘tganiga e’tibor qaratgan. O‘zaro munosabatlarning ahamiyati, aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligi muhokama qilinganini batafsil yozgan. Uchrashuvda ikki xalq asrlar davomida shakllantirgan tarixiy rishta ko‘plab yo‘nalishlarda sheriklikni kengaytirish uchun mustahkam poydevor ekani ta’kidlangan.

Tomonlar O‘zbekiston va Falastin bozorlarini kashf qilishda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlagan.

Keng qamrovli uchrashuv yakunida Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv to‘g‘risidagi Bayonnoma imzolandi. Ikki tomonlama munosabatning ustuvor yo‘nalishlari, belgilangan aniq maqsadlar va bu yo‘ldagi asosiy qadamlar ko‘rsatilgan mazkur hujjat o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishi ma’qullandi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA